«Ekologiya inspektorlaridan nega ko‘proq jarima yozish talab qilinyapti?» sarlavhasi ostida chop etilgan maqolaga munosabat
24.
11. 2020
13:25
4732
News

Mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta’minlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2019 yil 15 yanvardagi 29-son qarorga muvofiq Davlat ekologiya qo‘mitasining asosiy vazifalaridan biri mumlakatimizda yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan samarali davlat ekologik nazoratini o‘rnatish hisoblanadi.

Shuni e’tiborga olgan holda ijtimoiy postda keltirilgan «Qo‘mita rahbari o‘rinbosarlari inspektorlardan ko‘proq jarima qilishni, xususan, chiqindi yo‘nalishida ishlaydigan inspektorlardan haftasiga 4-5 tadan jarima qo‘llashni talab qilmoqda. Bu talabni bajarmaganlarning maoshi qirqilar, hatto ishdan bo‘shatilar ekan» mazmundagi fikr noto‘g‘ri interpretatsiya qilingan.

Negaki davlat inspektorining asosiy vazifasi unga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida hamda samarali tashkil etish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish, atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishi yuzasidan davlat ekologik nazoratini ta’minlash hisoblanadi.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda aholi tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan ko‘plab xabarlar joylashtirilmoqda. Mazkur xabarlarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni sodir etgan hamda etayotgan shaxslarni javobgarlikka tortish, huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligini aholiga tushuntirish inspektorlarning bevosita vazifasi hisoblanib, mazkur vazifalarning ijrosini inspektorlardan talab qilinishini «...haftasiga 4-5 tadan jarima qo‘llashni talab» qilish bilan adashtirish noo‘rindir.

ZOOM orqali haftada 1-2 marotaba tashkil etilayotgan videokonferentsiyalardan maqsad esa hududlarda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni tezkor hal etish va kelgusidagi ishlarni to‘g‘ri rejalashtirish, taqsimlash, shuningdek, xodimlarga malakali faoliyat yuritishlari uchun zarur tavsiya hamda yo‘llanmalarni berishdan iborat.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources