Monreal protokoli tomonlarining 32-yig‘ilishi
28.
11. 2020
17:09
5372
News

2020 yil 27 noyabr kuni videokonferentsiya shaklida tashkil etilgan Vena konventsiyasi tomonlari konferentsiyasining 12-yig‘ilishi va Monreal protokoli tomonlarining 32-yig‘ilishining yuqori segmentida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.N. Oblomuradov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

An’anaga ko‘ra, ushbu nufuzli tadbirda protokolga qo‘shilgan 197 davlatdan vazir va vazir o‘rinbosarlari darajasidagi delegatsiyalar, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari va BMT ekspertlari ishtirok etadi. Qatnashchilar soni o‘rtacha 600 dan 1000 kishigacha yetadi.

Mazkur anjuman joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davom etayotgan koronavirus pandemiyasi (COVID-19) va uning salbiy oqibatlarini inobatga olgan holda, Ozon Kotibiyati taklifiga binoan tadbirni onlayn tarzda o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topildi.

Anjuman doirasida N.N.Oblomuradov o‘z nutqida so‘nggi yillarda yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qabul qilingan muhim tashabbuslar va normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi va «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi to‘g‘risida axborot berdi.

Shuningdek, Monreal protokoli majburiyatlarini bajarish maqsadida o‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda ozon qatlamini yemiruvchi moddalarni butunlay iste’moldan chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi va 2018 yildan boshlab tarkibida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan uskunalarni import qilish ta’qiqlanganligi ma’lum qilindi.

Uchrashuv so‘ngida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Monreal protokoli yig‘ilishini mezbon sifatida qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

O‘z o‘rnida Ozon kotibiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi tashabbuslarini, ozon qatlamini muhofaza qilish yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab- quvvatlashi haqida fikrlar bildirildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources