Jizzax viloyati: Zominda noqonuniy chiqindixonalarga qarshi reydlar o‘tkazilmoqda
21.
01. 2020
16:47
5148
News

Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Zomin tuman inspektsiyasi tomonidan reydlar o‘tkazilib noqonuniy chiqindixonalar aniqlanmoqda. Ularni bartaraf etish, yangilarining oldini olish ishlari davom etmoqda.

Zomin tuman inspektsiyasi xodimlari tomonidan tuman hududida reyd o‘tkazildi. Reyd davomida tumanning «Qo‘rg‘on» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida noqonuniy chiqindixona borligi aniqlandi. Chiqindixona, asosan mahalliy aholi tomonidan hosil qilingan. Zero, aholi o‘z uyidan chiqqan chiqindilarni saralash, ularni maxsus belgilangan joylarga tashlashning o‘rniga duch kelgan yerga uloqtirib ketishmoqda.

Mazkur chiqindixona tuman ekologiya inspektsiyasi va «Toza hudud» DUK Zomin tuman filiali tomonidan bartaraf etildi. Ishchi-xodimlar va maxsus texnikalar jalb qilingan holda hudud chiqindilardan tozalandi.

Tuman inspektorlari tomonidan mahalliy aholiga tushuntirish ishlari olib borildi.

Aziz yurtdoshlar! Xalqimizda «qush uyasida ko‘rganini qiladi» degan naql bor. Ana shu naqlga muvofiq chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashga odatlanaylik va bu borada farzandlarimizga o‘rnak bo‘laylik!




 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources