O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining rasmiy bayonoti
16.
05. 2020
13:24
9774
News

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatidagi suv ombori qurilishiga «Yozyovon cho‘llari» tabiat yodgorligi hududidan qum olinayotgani, tabiat yodgorligiga jiddiy zarar yetkazilib, uning hududida yashovchi noyob hayvonot va o‘simlik dunyosining qisman yo‘qolishiga olib kelishi haqida axborotlar yoritilmoqda.

Mazkur masala Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

“Yozyovonmaxsussuvqurilish” DUK qurilish ob’ektida foydalanish uchun “Markaziy-Farg‘ona” qum konining 5-uchastkasi hududidan sanoat usulida qum qazib olish masalasi ko‘tarilgan.

Ushbu masala o‘rganib chiqilib, Davlat ekologiya qo‘mitasining 2020-yil 22-apreldagi xatiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga dastlabki xulosa kiritilgan. Xulosada “Kon uchastkasida qolgan qum zaxirasini Davlat geologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va “Yozyovonmaxsussuvqurilish” DUK ishtirokida joyiga chiqib o‘rganish maqsadga muvofiqligi ma’lum qilingan.

Shuni inobatga olib, 2020-yil 7-may kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati boshqarmasining 4 nafari mutaxassisi, «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi inspektori, “Uzgidrotexnik” MChJ direktori o‘rinbosari, Farg‘ona davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon ustasi ishtirokida “Markaziy-Farg‘ona” qum konining 5-uchastkasida o‘rganish o‘tkazildi.

Mazkur uchastka “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi hududida joylashgan bo‘lib, 105.7 gektar maydonni egallaydi. “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi Markaziy Farg‘onaning Yozyovon va Qo‘shtepa tumanlarining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, xali o‘zlashtirilmagan, o‘ziga xos noyob landshafti shakllangan biologik tizimga ega, bu yerdagi ekologik tizim asrlar davomida tashkil topgan va rivojlangan.

Tabiat yodgorligidagi o‘simlik dunyosining 188 turkumga oid bo‘lgan 302 xildagi o‘simlik turi shu jumladan 5 turdagi daraxtlar, 24 turdagi butalar va 10 turdagi chala butalar, 98 turdagi ko‘p yillik o‘tlar, 165 turdagi bir yillik o‘tlarni tashkil qiladi. Yodgorlik hududidagi o‘simliklarning 91 turi shifobaxsh 81 turi esa begona o‘tlarni tashkil qiladi.

Ishchi guruhining xulosasiga asosan qum zahiralarini o‘zlashtirish natijasida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan ko‘plab hayvonot va o‘simlik dunyosining yo‘qolib ketishiga yoki kamayib ketishiga hamda mazkur hududda yer osti sizot suvlari ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda ushbu hududda qazish ishlarini olib bormaslik maqsadga muvofiq deb topildi.
Ishchi guruhning yuqoridagi xulosasi 2020-yil 12-may kuni qo‘mita xati orqali O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

O‘z navbatida Davlat ekologiya qo‘mitasi alohida ishchi guruh tuzib “Yozyovon cho‘llari” tabiat yodgorligi hududida qum qazib olishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan nazorat ishlarini olib bormoqda, jumladan, 2020-yil 15-may kuni nazorat tadbirlari amalga oshirildi va tabiat yodgorligi hududi qat’iy nazoratga olindi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi mazkur masalani jamoatchilik e’tiboriga havola qilgan ekofaollar va blogerlarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Bundan buyon ham ekofaollar va blogerlar bilan hamkorlikni davom ettirilishini ma’lum qiladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

Useful resources