«Tabiat vaqti: inson, atrof muhit va bioxilma-xillik» mavzusida ijtimoiy – ekologik videoroliklar tanlovi
10.
06. 2020
15:31
467
Event

Davlat ekologiya qo‘mitasi Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) bilan hamkorlikda yoshlar uchun «Tabiat vaqti: inson, atrof muhit va bioxilma-xillik» mavzusida ijtimoiy – ekologik videoroliklar tanloviga start berilganligini e’lon qiladi.

Evropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan mazkur tanlovda 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan mamlakatimiz OO‘Yularining talabalari, kollejlar, yuqori sinflar (10-11-sinflar) o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlar, yuqori sinf o‘quvchilari va talabalarning ota-onalari hamda pedagoglarini atrof muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlab qolish masalalariga jalb etish, ularning xabardorligini oshirish, shuningdek, bu boradagi muammolar va yechimlarga aholining e’tiborini qaratishdan iborat.

Tanlov Jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, 2020 yil 10 iyundan 10 sentyabrga qadar davom etadi. G‘oliblarni taqdirlash marosimi 16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini muhofaza qilish kunida bo‘lib o‘tadi.

Tanlovda ishtirok etishni istaganlar 2020 yil 10 sentyabrga qadar tashkilotchilarning uzbekistan@carececo.org elektron manziliga «Tabiat vaqti» nomi bilan quyidagilarni yuborishlari kerak bo‘ladi:

– Ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;

– Videorolikning qisqa tavsifi hamda yaratilish tarixi;

– Internetdagi biror maydonga mp4 formatida yuklangan videorolikka havola yoki xatning o‘ziga bevosita ilova qilingan (mp4) rolik. Shu bilan birga, rolikni #Tabiatvaqti #Vremyaprirodы #Timefornature xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarga (Facebook, Instagram, Youtube) joylashtirish, havolasini esa yuqorida yuborish kerak bo‘lgan xatga ilova qilish zarur.

Videorolik xronometraji 03:00 daqiqadan oshmasligi kerak, maksimum 05:00 daqiqa bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Rolik mazmun-mohiyati quyidagi mavzulardan birini o‘zida aks ettirishi shart:

– Atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolar / yechimlar;
– Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha muammolar / yechimlar;
– Suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha muammolar /echimlar.

Jyuri a’zolari har bir yo‘nalish bo‘yicha bittadan g‘olibni aniqlaydi. Asosiy sovrinlar bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p ovoz (layk/ko‘rish) to‘plagan rolik muallifini rag‘batlantirish uchun Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan alohida nominatsiya ajratilgan.

Tanlov qamrovining kengligini e’tiborga olgan holda tadbir tashkilotchilari tomonidan eng faol va yorqin ishtirokchilar uchun 100 ta rag‘batlantiruvchi sovg‘alar tayyorlab qo‘yilgan.
 

TANLOV ShARTLARI bilan batafsil tanishish.


Manba: https://carececo.org/main/news/molodezhnyy-konkurs-....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources