Diqqat, tanlov! Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi adabiy asarlar
24.
09. 2020
20:52
4886
Tender

Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod qalbida atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda «Ekologiya mavzusiga doir eng yaxshi adabiy asarlar» tanlovini e’lon qiladi.

Tanlovda professional adiblar va yosh ijodkorlar bosma nashrlar hamda ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan veb-saytlardagi adabiy-badiiy asarlari bilan ishtirok etishlari mumkin. Tanlovga 2019 yilning 31 avgustidan 2020 yilning 20 noyabrigacha e’lon qilingan materiallar 2020 yilning 20 noyabriga qadar qabul qilinadi.

Tanlov g‘olib va sovrindorlarini aniqlash va mukofotlash tartibi:

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar taniqli va tajribali ijodkorlar hamda ekologiya sohasi mutaxassislaridan tarkib topgan hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlanadi.

Tanlov g‘olib va sovrindorlari quyidagi mukofotlar bilan taqdirlanadi:

– 1-o‘rin (1 ta) – televizor;
– 2-o‘rin (2 ta) – planshet;
– 3-o‘rin (2 ta) – smartfon.

Shuningdek, uch nafar rag‘batlantiruvchi mukofotga sazovor bo‘lganlarga O‘zbekiston «Qizil kitobi» hamda boshqa sovg‘alar topshiriladi.

Tanlov natijalari 2020 yil, 8 dekabrO‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida e’lon qilinadi. G‘olib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimi 2020 yilning 10 dekabriga qadar o‘tkaziladi.

Tanlovda ishtirok etishni xohlovchilardan o‘zi haqidagi qisqacha ma’lumot (pasport nusxa, faoliyatiga oid ma’lumotnoma) hamda ijodiy ishlarini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, Adiblar xiyoboni) ga topshirishlari yoki uyushmaga kelmasdan ma’lumot va materiallarning elektron nusxalarini (+998 97) 326-80-33 Telegram raqamiga yuborishlari so‘raladi.

Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha savollarga quyidagi telefon raqamlari (+998 71) 231-83-49, (+998 97) 326-80-33, (+998 93) 502-23-21 orqali javob olishingiz mumkin.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmatlari

 


 

Foydali manbalar