Sirdaryo daryosi o‘zanida olib borilayotgan ekologik nazorat tadbirlari
12.
01. 2021
14:07
5094
Ekanadzor

Barchamizga ma’lumki, so‘nggi yillarda suv havzalarining ekologik holatini yaxshilash, daryoni tozalash, banklarini mustahkamlash va umumiy foydali qazilmalardan foydalanish bilan bog‘liq tadbirlarni takomillashtirishga qaratilgan qator hukumat qarorlari qabul qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Suv ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2017 yil 25 sentyabrdagi PQ-3286-sonli qarori, «O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv ob’ektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 2019 yil 11-dekabrdagi 981-son qarori kabi normativ hujjatlari qabul qilindi.

Endilikda suv ob’ektlarida o‘zan tozalash ishlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi «Xavfsiz daryo» DUK tomonidan, litsenziya asosida qum shag‘al materiallarini qazib olish Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan tartibga solinadigan bo‘ldi. Tadbirkorlik sub’ektlari auktsionda ishtirok etib, qum shag‘al aralashmalari yig‘ilib qolgan uchastkalarda o‘zan tozalash ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritmoqda. Suv ob’ektlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati ustidan umumiy nazorat Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagi qarorlar ijrosi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ekologik barqarorligini ta’minlash maqsadida ekologik qonunchilik talablarning bajarilishi yuzasidan joriy yilning 11-12 yanvar kunlari Davlat ekologiya qo‘mitasi suv, yer resurslari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tgan Sirdaryo daryosida reyd tartibidagi ekologik nazorat tadbirlarini amalga oshirildi. Tadbirda ilk marta zamonaviy texnologiyalardan foydalanildi, kamera bilan jihozlangan dronlar qo‘llanildi.

Sirdaryo daryosi o‘zanini test rejimda o‘rganish natijasida suv muhofaza talablarini buzilishi, suv ob’ektlarini oqova suvlar bilan ifloslantirish, suv muhofaza hududida chiqindilar joylashtirish bilan bog‘liq ayrim salbiy holatlar aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli jarima choralari qo‘llanildi.

O‘rganishda, o‘zan tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash ishlari olib borish talablariga rioya qilmaslik, belgilangan joylardan qum shag‘al qazib olish, loyihaviy yechimlarga amal qilmaslik holatlari, uchastka chegaralarini ko‘rsatuvchi va qazish ishlari sathini belgilovchi balandlik reperlari o‘rnatilmaganligi, texnikalar uchun maxsus maydonchalar yaratilmaganligi, suv sathida texnikalar xarakati natijasida suvning ifloslantirilishi kabi holatlari aniqlandi.

Qum shag‘al qazib olish ishlari belgilangan uchastka doirasida tashqarida belgilanmagan joylardan, o‘zan qolib, qirg‘oq qismidan qazish ishlari olib borilgan holatlar aniqlandi. Bu esa qirg‘oqlar eroziyasini keltirib chiqarishi mumkin.

O‘zan tozalash ishlari xohlagan parametrda amalga oshirilishi natijasida daryo o‘zani relefi tabiiy landshafti keskin buzilgan, yer osti suvlari ochilib yuzaga qalqib chiqqan va oqimsiz ko‘lmaklar xosil bo‘lgan uchastkalar mavjud. Zemsnaryad vositasida qirg‘oqqa olib chiqilgan qum shag‘al aralashmasi saralanib, hosil bo‘lgan ishlab chiqarish oqovalari maxsus tindirgichlarda tindirilmasdan daryoga qaytib oqizilishi natijasida ochiq suv xavzalarini ifloslantirishi kuzatilmoqda.

Suv ob’ektlarining suvni muhofaza qilish hududlariga og‘ir yuk tashuvchi texnikalar tomonidan turli chiqindilar qurilish chiqindilar to‘kib ketish, suvlarni ifloslantirish holatlari mavjud. Har bir kon ajratmasiga ega korxona o‘z hududi chegarasi doirasida uni qo‘riqlashi, muhofazalashi lozim. Afsuski bunga faqat ekologiya inspektorlari javobgar bo‘lib nazorat qilmoqda, chiqindilarni tozalash tadbirlarini o‘tkazib kelmoqda. «Xavfsiz daryo» DUK vakillari be’tibor.

Idoralararo hamkorlik mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro anglashuvni mustahkamlaydi va suv ob’ektlarimizning ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan hamkorlikda kelishilgan sa’y xarakatlar bo‘yicha aniq xarakatlar strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar