Toshkentda mehmonxona xizmatlarini ekosertifikatsiyalash masalalari muhokama qilindi
27.
03. 2023
21:30
3181
Yangiliklar

Mehmonxona xizmatlarini ekosertifikatsiyalashga doir xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

Bugun poytaxtimizdagi  “InterContinental Hotel” mehmonxonasida shu mavzudagi xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov kirish so’zi bilan ochib, bugungi kunda turistik sektorda yashil texnologiyalarni qoʻllash va ulardan faol foydalanishning muhimligini taʼkidlab oʻtdi.

Xalqaro konferensiyada Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Sharlotta Adrian xonim ishtirok etdi.

Ushbu xalqaro konferensiya Yevropa Ittifoqi (YEI) tomonidan moliyalashtiriladigan “Switch Asia” dasturi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslarining koʻmagida “Markaziy Osiyoda barqaror turizm uchun model: salohiyatni yaratish, xabardorlikni oshirish, texnologiyalarni joriy etish” (MOST) loyihasi doirasida tashkil etildi.

“Bugungi kunda ekologik barqarorlik raqobatbardoshlikning muhim omili boʻlib bormoqda. Ekologik xabardorlikni oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish, samarali ekologik texnologiyalarni qoʻllash mamlakatda turistik tarmoqni yanada rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Oʻzbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020-yil 28-sentyabrdagi yigʻilishda taʼkidlab oʻtganidek, mahsulotning sifati va raqobatbardoshligini oshirish uchun milliy standartlarni xalqaro talablarga muvofiq darajaga keltirish va ularni korxonalarda joriy etish muhimdir. Agar mahsulot xalqaro standartga muvofiq boʻlmasa, u hech qachon raqobatbardosh boʻla olmaydi”, - dedi Aziz Abduxakimov.

Oʻz navbatida, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi oʻz nutqida Oʻzbekistonning “yashil” iqtisodiyot boʻyicha milliy dasturining muhimligi va Yevropa Ittifoqining barqaror “yashil” rivojlanish yoʻlida Oʻzbekiston bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligini taʼkidladi.

YEI Oʻzbekistonning yashil iqtisodiyot boʻyicha milliy dasturi qabul qilinishini va 2030-yilgacha “yashil” rivojlanishni qoʻllab-quvvatlaydi. Uzoq istiqbolga moʻljallangan ushbu hujjat issiqxona gazlari chiqarilishini qisqartirish, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan.

Ushbu maqsadlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun YEI inklyuziv, oʻzaro mos va barqaror oʻsish modelini yaratish hamda barqaror yashil rivojlanishga intilish ustida Oʻzbekiston bilan oʻzaro hamkorlikda birga ishlashga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Maʼlumot uchun: MOST loyihasining umumiy maqsadi - Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻistonda barqaror turizmning yangi va maqbul strukturalangan modelini ilgari surishdir.

Loyihaning aniq maqsadlari: Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻistondagi sayyohlik tashkilotlarini barqaror ishlab chiqarish va isteʼmol - UPP amaliyotini joriy etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) boʻyicha tegishli bilim va vositalarni taqdim etish orqali qoʻllab-quvvatlash, barqaror turizmni rivojlantirish, bu haqdagi xabardorlikni oshirish va isteʼmolchilarning barqaror isteʼmol toʻgʻrisidagi xabardorligini oshirishga yordam beradigan siyosatni rejalashtirish va amalga oshirishda mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari, kichik va oʻrta korxonalar (MSP) hamda barqaror ishlab chiqarish va isteʼmol - UPP boʻyicha yakuniy foydalanuvchilar oʻrtasida muloqotni kuchaytirish hisoblanadi.

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Foydali manbalar