Poytaxtimizda  “Xalqaro chiqindilarsiz dunyo kuni” munosabati bilan “Zero waste” respublika ekoaksiyasiga start berildi.
30.
03. 2023
16:57
3649
Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi  30 mart — Xalqaro chiqindisiz kun (“International Day of Zero Waste”) munosabati bilan O‘zbekiston Ekologik partiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida keng jamoatchilik bilan birgalikda yugurish orqali chiqindilarni saralab yig‘ish – “plogging” tadbirlarini o‘tkazdi.

Poytaxtimizda tashkil etilgan tadbirning tantanali ochilish marosimida Tabiat resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov so‘zga chiqib, mamlakatimizda ilk bora Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu tadbir hududlarimiz ozodaligini taʼminlashga, jamoatchilikda bu borada daxldorlik hissini uyg‘otishga xizmat qilishini taʼkidladi.

“Chiqindilar sektori iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillik nobud boʻlishi hamda atrof muhitning ifloslanishiga sabab boʻlmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimiz boʻyicha bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil boʻlmoqda. Chiqindilar turli xil metallar, shisha idishlar, makulatura, plastik, oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat boʻlib, ularning faqat 32 foizi qayta ishlanmoqda”, - Obidjon Qudratov Respublika “Zero Waste” aksyasini boshlab yubordi

Tadbirda vazirlik markaziy apparati, vazirlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi va Gidrometeorlogiya agentliklari, Toshkent shahar boshqarmasi, tizim tashkilotlari, O‘zbekiston Ekologik partiyasi xodimlari, shuningdek, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy ofisi direktori Boris Erg,  Global yashil o‘sish instituti (GGGI)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Aaron Rassel, Fransiya taraqqiyot agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Vensan Kopan,  “Coca-Cola” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi  rahbari Serkan Dilek ishtirok etdi.

Toshkent shahridagi “Zero Waste” aksiyasi doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani Istiqlol va Maxtumquli ko‘chalari chorrahasida joylashgan istirohat bog‘ida aksiya ishtirokchilari hududdagi plastik butilkalar, alyumin bankalar, makulatura va o‘ramlardan faol tozalandi.

 Bugungi kunda dunyo miqyosida chiqindilar muammosi eng dolzarb ekologik masalalardan biriga aylanib ulgurgan. Shu bois, Turkiya davlati 105 ta boshqa davlatlar bilan birgalikda butunjahon chiqindisiz kunini belgilash haqidagi rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusini ilgari surdi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2022-yil 14-dekabrdagi majlisida 30-martni har yili nishonlanadigan “Xalqaro chiqindisiz kun” deb eʼlon qilish to‘g‘risida rezolyutsiyani qabul qildi.

Ushbu sanani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, qayta ishlash bo‘yicha tushunchlarni shakllantirish, barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish modellarini targ‘ib qilish, aylanma iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Urbanizatsiya jarayoni jadallashib, shaharlar kengayayotgan, aholi soni o‘sayotgan va uning ehtiyojini qondirish uchun millionlab turdagi tovarlar ishlab chiqarilayotgan bir paytda chiqindilarni qayta ishlash va ularning utilizatsiyasi eng katta ekologik muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Olib borilayotgan ekologik nazorat va targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan bugungi kunda aholi tomondan qattiq maishiy chiqindilarni duch kelgan yerlarga tashlab ketish, aholi punktlarida, magistral yo‘l yoqalarida, dala maydonlari chetlarida, suv havzalari qirg‘oqlarida noqonuniy chiqindixonalarning hosil bo‘lishi davom etmoqda.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2020-yil 28,9 ming, 2021-yil 18,7 ming, 2022-yilda 20,3 ming nafardan ziyod fuqarolar chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganligi uchun maʼmuriy huquqbuzarliklar aniqlangan.

30-mart — Xalqaro chiqindisiz kunni o‘tkazish orqali chiqindisiz tashabbuslarni ilgari surish 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishning kun tartibidagi barcha maqsad va vazifalarni, jumladan, 11-maqsad hamda 12-maqsadga erishishga ham katta hissa qo‘shadi. Ushbu maqsadlar ekologik barqarorlikni taʼminlaydi hamda isteʼmol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga o‘tish uchun xizmat qiladi.

Chiqindisiz tashabbuslar ularni to‘g‘ri boshqarish, chiqindilarni hosil bo‘lishni minimallashtirish va oldini olish, ekologik inqirozni bartaraf etish, atrof-muhitni muhofaza qilish, inson salomatligi va farovonligini yaxshilashga yordam beradi.

Maʼlumot uchun: 2019-yildan buyon respublikamizda har yili sentyabr oyining uchinchi shanba kuni “Butunjaxon tozalik kuni” munosabati bilan hududlarda aholining turli qatlamlari, ayniqsa yoshlarni keng jalb qilgan holda chiqindilarni yugurish orqali saralab yig‘ish tadbirlari – “Plogging” o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, 2022 yilda respublika bo‘ylab 515 ta manzilda o‘tkazilgan tadbirda 100 ming nafardan ortiq ishtirokchi, 2 964 ta maxsus texnika yordamida 6 661 ga yer maydonidan jami 40 503,6 tonna qattiq mashiy chiqindilar yig‘ilib, belgilangan tartibda utilizatsiya qilindi.

Tabiat resurslari vazirligi tomonidan 30-mart — Xalqaro chiqindisiz kun (“International Day of Zero Waste”) munosabati bilan bu kabi tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borilishi rejalashtirilgan.

 

Foydali manbalar