«Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» aktsiyasi – #parvarish2020
27.
07. 2020
10:11
5668
Tadbirlar

Davlat ekologiya qo‘mitasi va «MEROS» xayriya jamoat fondi joriy yilning 28 iyulidan boshlab 2 avgustga qadar mamlakat bo‘ylab «Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» aktsiyasiga start bermoqda.

Hozirgi kundagi pandemiya va karantin sharoitlarida daraxtlarni saqlash va ularni sug‘orish ishlarini esdan chiqarmaslik muhim hisoblanadi.

Aktsiya doirasida keng jamoatchilikni, karantin tartib-qoidalariga rioya etgan holda daraxtlarni sug‘orish ishlariga jalb etishni tashkillashtirish, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarining tegishli tashkilotlari tomonidan aholi yashash punktlaridagi ko‘chalarda daraxtlarni sug‘orish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

«MEROS» xayriya jamoat fondi boshqaruv raisi Abdurashid Iminov aktsiyani o‘tkazish g‘oyasi va vazifalari haqida quyidagilarni aytib o‘tdi:

«Har yili davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan turli loyihalar doirasida juda ko‘p daraxt ko‘chatlari ekiladi. Ammo tegishli parvarish, sug‘orish yoki agrotexnik ishlarning yetarli darajada olib borilmasligi natijasida ko‘p daraxtlar nobud bo‘ladi.

Mazkur aktsiya ko‘kalamzorlashtirish ishlari samaradorligini, aholining daraxtlarni to‘g‘ri parvarish qilish bo‘yicha habardorligini oshirish va, albatta, mamlakatimiz tabiatini asrab-avaylashga tegishli xissa qo‘shishga qaratilgan».

Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, yozning jazirama issiq kunlarida 1-4 yoshga qadar bo‘lgan (1,5 metrgacha) daraxtlarni sug‘orish ertalab sahar vaqtida amalga oshirish maqsadga muvofiq, (soat 10.00 dan 15.00 gacha sug‘orish tavsiya etilmaydi) boshqa daraxtlarni esa kun davomida sug‘orish mumkin.

Aktsiyada ishtirok etish uchun hovli, uy oldi, ko‘chadagi daraxtlarni sug‘orish zarur bo‘ladi. Asosiy shartlardan biri – karantin qoidalariga qat’iy rioya etish.

Atrof muhitga befarq bo‘lmagan mamlakatimiz ahlini daraxtlarni sug‘orish jarayonidan foto lavha tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarga #parvarish2020, #poliv2020 xeshtegi ostida joylashtirib, mazkur aktsiyani internet olamida onlayn ommalashtirish hamda «yashil» chellendjda ishtirok etishga taklif etamiz.

Instagram ijtimoiy tarmog‘ida eng kreativ foto muallifi jamoatchilik tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi va aktsiya tashkilotchilarining qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlanadi.

Ushbu #parvarish2020, #poliv2020 xeshteglardan foydalanib, daraxtlarni to‘g‘ri sug‘orishning tartib qoidalari va boshqa ishtirokchilarning foto ma’lumotlari bilan ham tanishish mumkin bo‘ladi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar