1-aprel kuni Toshkent botanika bog‘ida “Xalqaro qushlar kuni” munosabati bilan “Qushlarni asraylik” Respublika tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Tabiat resurslar vaziri A.Abduhakimov tashabbusi bilan respublikaning barcha hududlarida 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida qushxonalarini yasash bo‘yicha o‘tkazilmoqda.
Tashkilotchilar: Tabiat resurslari vazirligi va uning huzuridagi Atrof-muhit va ekologik texnologiyalar ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston qushlarni himoya qilish jamiyati.
Tadbir ochilishida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov ona tabiat, jumladan, qushlarni asrab-avaylashda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etishi muhimligini ta’kidladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tanlov aholi, ayniqsa, yoshlarning qushlarga bo‘lgan munosabatini yaxshilash maqsadida o‘tkazilmoqda. Yovvoyi qushlar uya quradigan joylarni buzib, ularga zarar yetkazish mumkin emasligini yosh avlodga singdirish muhim. Ularni yoshligidan daraxt ekishga, qushlar uchun uya qurishga, rahmdil bo‘lishga o‘rgatish orqali qushlarni muhofaza qilish kuchaytiriladi.
@uzecoilm_bot boti yordamida barcha viloyatlardan 882 nafar ishtirokchi ro‘yxatga olindi, shundan 103 nafari - Toshkent shahridan. Ta’kidlash joizki, mazkur musobaqa respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.
Ishtirokchilar 5-10, 11-17, 18-30 yosh bo‘yicha uch guruhga bo‘lingan. Hakamlar hay’ati tarkibidan soha mutaxassislari o’rin oldi, ular ishtirokchilarning qushxona ishlab chiqarishdagi ijodiy g‘oyalariga alohida e’tibor qaratishdi. G‘oliblar “Tanlov to‘g‘risida”gi nizomda belgilangan talablar asosida aniqlanib, diplom, pul mukofoti va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan tanlov gʻoliblari ro’yxati quyidagicha:
I - o'rin:
Samira Zokirova,
Mehribonu Gapparova, Abdumuxtor Abdujabborov, Javlon Yaxshiliqov,
Po'lat Po'lat,
Akbarali Abdikarimov.
II – o‘rin:
Avazbek Tursunqulov,
Umar Ne’matov,
Adkham Iskandarov,
Avazbek Ma’murjonov,
Dilnura Irgasheva.
III – o‘rin:
Bekzod Qodirov,
Suxrob Xudoyorov,
Diyor Do‘stmurodov,
Suyun Jalilov,
Istora Axmetova,
Solixa Anvarova.
Tanlov doirasida Tabiat resurslari vaziri va ishtirokchilar tomonidan ko‘chatlar ekildi.
Ma’lumot uchun: har yili 1 aprelda Xalqaro qushlar kuni nishonlanadi, uning maqsadi qushlarning xilma-xilligi va ko‘pligini saqlashdan iborat. Bu kun birinchi marta 1894 yilda AQShda nishonlangan. Bu sana UNESCOning “Inson va biosfera” biologik dasturiga kiritilgan.
Aytish joizki, O‘zbekistonda qushlarni muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilib, doimiy nazorat ishlari olib borilmoqda. Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Ekologiya va atrof-muhit texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi ochiq suv havzalarida qishlaydigan suv qushlarining sonini aniqlash va ularni muhofaza qilish” amaliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 2022-yilda respublikaning 49 ta ochiq suv havzalarida 111 turdagi qushlar ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 24 tasi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Qushlarning umumiy soni 597 272 tani tashkil etadi, ma'lum bo'lishicha, mamlakat ornitofaunasida 22 oilaga mansub 478 turning vakillari uchraydi.
O‘zbekiston Respublikasi 1995-yilda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi konventsiyani, 1997-yilda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarini xalqaro savdosi to‘g‘risidagi konvensiyani, 1998-yilda hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini himoya qilish to‘g‘risidagi konvensiyani, 2001-yilda xalqaro ahamiyati to‘g‘risidagi konventsiyani qabul qildi. , suv-botqoq erlari, xususan, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari toʻgʻrisidagi konventsiyalarga qoʻshildi, shuningdek, “Suv qushlarini, Sibir turnalarini, Afro-Evroosiyo suv qushlarini muhofaza qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi”ni imzoladi.