Toshkentda beton qoplama bilan o‘ralgan daraxtlarni betondan tozalash bo‘yicha ekoaksiya boshlandi
20.
04. 2023
13:20
2777
Yangiliklar

2023-yil 20-apreldan Toshkent shahrida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov tashabbusi bilan “Daraxtlarni asraylik” ekoaksiyasi boshlandi. Aksiya doirasida Toshkent shahrining barcha tumanlaridagi betonlangan va asfaltlangan daraxtlar qutqariladi, daraxtlardagi reklama bannerlari va yorug‘lik beruvchi plastik buyumlar olib tashlanadi.

Tadbirda Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov hamda tuman va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 4 ta sektor, tumanlar hududiy tuzilmalari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekofaollar ishtirok etdi.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov o‘z nutqida mazkur tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad betonlangan yoki asfaltlangan daraxtlarning poydevorini ochish va ularning bardavomligini ta’minlash ekanini alohida ta’kidladi.





"Bugun shahrimizda ko‘plab daraxtlarning beton yoki sun’iy qoplamalar bilan o‘ralganligini ko‘rish mumkin. Bu daraxtlarning ildizlariga havo kirishini kamaytiradi, nobud bo‘lish xavfini keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, tungi yorug‘lik moslamalarini o‘rnatish orqali daraxtlarga zarar yetkazish holatlari ham uchrab turibdi, bu ularning tabiiy rivojlanish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – dedi A.Abduhakimov. – “Daraxtlarni asraylik” ekoaksiyasi mavjud daraxtlarni beton va asfalt qoplamasidan, plastik yoritkichlardan (gulchalar, lampochkalar) va reklama bannerlaridan ozod qilishga qaratilgan. Tabiat resurslari vazirligi tomonidan @ecogovuz_bot Telegram boti orqali aholidan kelgan murojaatlar yig‘ilib, daraxtlarning tabiiy o‘sishi jarayoniga xalaqit berayotgan muammolar obodonlashtirish bo‘limlari va faollar bilan birgalikda bartaraf etiladi”.

Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi inspektorlari tomonidan 11 ta yirik yoʻl chetida monitoring ishlari olib borilganda 250 turdagi manzarali va mevali daraxtlarning poydevori betonlanganligi aniqlangan. Ekoaksiya doirasida barcha holatlar bartaraf qilinadi. Bu aksiya O‘zbekistonning barcha hududlarida davom etadi.

Daraxtlarni muhofaza qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Tabiat resurslari vazirligi tomonidan @ecogovuz_bot telegram boti ishga tushirildi, u orqali aholi daraxtlarga zarar yetkazilganligi to‘g‘risida elektron shaklda ariza yuborishi mumkin.

Botdan foydalanish bo'yicha ko'rsatmalar: https://youtu.be/6V0j4POZNa0













Foydali manbalar