Prezident Farmoni: qurilish maydonlarida havoni ifloslantirmaslik uchun majburiy talablar joriy qilinadi
24.
02. 2024
13:19
1015
Yangiliklar

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoniga belgilab qoʻyildi.

Farmonga koʻra, shuningdek, 2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar koʻchatlari, qalamchalari ekiladi, shuningdek, respublikada 444 ta yashil bogʻlar barpo qilinadi. 

Shu bilan birga, mamlakatimizda chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish doirasida 2024-yil 1-martdan boshlab:

— hududlarda chang boʻroni sodir boʻlayotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori boʻlgani aniqlanganda aholini ogohlantirish, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklariga chalingan hamda sogʻligʻi havoning ifloslanishiga taʼsirchanligi yuqori boʻlgan boshqa fuqarolarni zarur profilaktik choralar toʻgʻrisida doimiy xabardor qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;

— oʻlchami 500 metr kvadrat va undan ortiq boʻlgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yoʻllarida chang va qum zarrachalarining havoga koʻtarilishini bartaraf etish boʻyicha majburiy talablar joriy qilinadi;

— Toshkent shahrida yuk tashish uchun moʻljallangan, ruxsat etilgan toʻla vazni 10 tonnadan yuqori boʻlgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tigʻiz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda ushbu cheklovlar maxsus xizmat, shu jumladan, kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “YEVRO – 5” va undan yuqori standartlariga muvofiq boʻlmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.

Qolaversa, Toshkent shahrida har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan “Avtomobilsiz kun” jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi. Bunda binosi Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlari jamoat transportida ish joyiga kelishi orqali namuna koʻrsatib boradi. Bu ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli taʼsirini kamaytirishga xizmat qiladi.

Foydali manbalar