Tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalari yanada mustahkamlanmoqda
27.
02. 2024
14:29
1407
Yangiliklar

Sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarni hisobga qoʻyish va identifikatsiya qilish hamda ularning reyestrini yuritishni nazarda tutuvchi elektron platforma ishga tushiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 80-sonli qarorida koʻzda tutilgan.

Qarorga koʻra, sport-ishqibozlik turidagi va sanoat usulida baliq ovlash tartibi, baliq ovlash bilan shugʻullanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ixtiofauna obyektlaridan foydalanishni nazorat qilish, baliq resurslarini muhofaza qilish va noqonuniy ovlash oqibatida yetkazilgan zararlarni hisoblash, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan olib qoʻyilgan baliq ovlash qurollari va vositalarini yoʻq qilish, noqonuniy baliq ovlash holatlarini aniqlagan baliqchilik xoʻjaligi hamda vakolatli shaxsga pul mukofoti berish kabilarni oʻz ichiga olgan baliq ovlash qoidalari tasdiqlandi.

Maʼlumot uchun, tabiiy suv havzalaridagi ixtiofauna obyektlari umummilliy obyekt boʻlib, undan oqilona foydalanish davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Tabiiy suv havzalarida yashayotgan, shuningdek, tabiiy yashash muhitiga chiqarib yuborilgan baliqlar davlat mulkidir. Baliq ovlash joylarida baliq ovlash vositalari yoki baliq ovi mahsulotlari bilan boʻlish ham baliq ovlashga tenglashtiriladi. Sport-ishqibozlik turidagi hamda sanoat usulida baliq ovlashga belgilangan tartibda ruxsat berilgan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha tabiiy suv havzalari baliq ovlash hududlari hisoblanadi. 

Oʻz navbatida qoʻriqxonalar, tabiatni muhofaza qilish, sogʻlomlashtirish, rekreatsion va tarixiy-madaniy obyektlar, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatidan muhofaza qilish zonalari, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar, chegara zonalari, toʻgʻonlar, suv ayirgichlar, koʻpriklar va baliqchilik xoʻjaliklari chegaralaridagi 500 metrli masofadagi boshqa muhofaza hududi, baliq ovlashga moratoriy eʼlon qilingan hududlar baliq ovlash joylari hisoblanmaydi.

Qarorga asosan, uch oy muddatda sanoat usulida baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarning standarti ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Shuningdek, ekologiya sohasidagi ilmiy tadqiqot va taʼlim muassasalarini jalb qilgan holda baliq ovlash uchun ruxsat etilgan toʻrlarga eksperiment tariqasida “GPS” kuzatuv moslamalari oʻrnatiladi. 

Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq tabiiy suv havzalaridagi baliq resurslarini muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.

Qaror rasman qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi. 

Maʼlumot uchun, baliq ovlashni taqiqlovchi qoidalar sunʼiy suv havzalari hamda tabiiy suv havzasi hisoblanmaydigan irrigatsiya tarmoqlaridagi qafas (sadoq) moslamalarida intensiv baliq yetishtirish texnologiyasi va akvakulturaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutkada 5 kggacha yoki ushbu miqdordan koʻp boʻlgan 1 dona baliqni bepul ovlashga ruxsat beriladi. Boshqa holatlarda baliq ovlash ushbu havzalar biriktirilgan subyektlar bilan kelishuv asosida yoki haq toʻlash evaziga ovchilik va baliqchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan suv havzalarida ushbu xoʻjaliklarning yoʻllanmalari boʻyicha amalga oshiriladi. Baliqlarning urchish davrida tabiiy suv havzalarida sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash taqiqlanadi.

Baliqlarning urchish davrida, ya'ni Amudaryo va Sirdaryoda 11-martdan 31-maygacha, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tabiiy suv havzalarida 26-apreldan 10-iyungacha va boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlanadi.

Sanoat usulida baliq ovlashda esa baliqchilik xoʻjaligi tegishli hujjatlarga (tabiiy suv havzasi ijara shartnomasi, ruxsatnoma (kvota), baliq ovlashni qayd etish daftari, FVVda roʻyxatga olingan suzish vositalarining hujjatlari, baliq ovlash vositalarini tamgʻalash va hisobga qoʻyish maʼlumotlaridan koʻchirma) ega boʻlishi lozim. Baliq ovlash sunʼiy va oʻsimlik tolalaridan tayyorlangan toʻrlarda amalga oshiriladi. Tabiiy suv havzalarida qalinligi 1 mmdan kichik boʻlgan sunʼiy toladan tayyorlangan toʻrlarda baliq ovlashga ruxsat berilmaydi.

Foydali manbalar