TSement ishlab chiqarish korxonalari: faoliyat va haqiqat
14.
02. 2020
17:28
6776
Yangiliklar

So‘nggi oylarda Davlat ekologiya qo‘mitasiga aholi, jamoatchilik tashkilotlari tomonidan atrof muhitga zararli tashlamalar tashlayotgan yirik tsement ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yuzasidan shikoyat va murojaatlar kelib tushmoqda.

Murojaatlar asosida belgilangan tartibda bugungi kunda Qo‘mita tomonidan “Quvasoytsement” hamda “Andijontsement” korxonalarining faoliyati tekshirilmoqda. Korxonalar ro‘yxati va ularning faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lum qilinadi.

Eslatib o‘tish joizki, Vazirlar Mahkamasining “Davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 22 noyabrdagi 949-son qaroriga ko‘ra tsement ishlab chiqarish korxonalari atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub (yuqori darajali xavfli) faoliyat turi deb belgilangan.

TSement ishlab chiqarish korxonalarining ishlash jarayonida tabiiy muhitning barcha komponentlariga ta’sir qiluvchi asosiy ifloslantiruvchi modda chang, xususan mayda dispersli qattiq zarrachalar hisoblanadi. Shuningdek ular faoliyatida atrf-muhitga oqova suvlar chiqarib tashlanadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zgidromet markazining hududiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda 2019 yil oktyabr oyida 13 ta tsement ishlab chiqarish korxonalariga tutash hududlar atrofidan atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli tashlamalar bo‘yicha namunalar olinib, tahlillar o‘tkazilgan hamda 5 ta korxonada atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar (chang) miqdori ruxsat etilgan me’yordan yuqoriligi aniqlangan.

Bugungi kunda ushbu korxonalar faoliyatida davlat nazoratini o‘rnatish yuzasidan belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazish uchun tegishli organlarga murojaat qilingan.


P.S. Korxonalar faoliyatiga tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga rioya etilishi nuqtai nazaridan xolis baho berish maqsadida tekshirish rejalashtirilayotgan korxonalar nomlari ma’lum qilinmadi.

 


Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Foydali manbalar