Ekologiya va atrof-muhit mavzusiga bag‘ishlangan videoroliklar yoshlar tanlovi 2020 yil 1 oktyabrga qadar uzaytirildi
12.
09. 2020
11:41
6580
Yangiliklar

Ijtimoiy-ekologik videoroliklar yoshlar tanlovi 01.10.2020 yil sanasiga qadar uzaytirildi. Tanlov uchun ajratilgan vaqtning aksar qismi ikkinchi karantin vaqtiga to‘g‘ri kelgani, bu ishtirokchilarning imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklagani, ularning faolligi, qatnashishiga ta’sir etgan bo‘lishi mumkinligini inobatga olgan holda takilotchilar ishlarni qabul qilish muddatini yana bir oyga uzaytirishga qaror qilishdi.

Ekologiya va atrof-muhit muammosiga befarq bo‘lmagan 16 yoshdan 25 yoshgacha O‘zbekiston fuqarolari ushbu tanlov ishtirokchisiga aylanishi mumkin. Asosiy vazifa – qiziqarli va mazmundor, xususan mobil jurnalistika formatidagi videorolikni yaratish. Uchta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni qimmatbaho sovrinlar – zamonaviy gadjetlar kutmoqda!

Videoroliklar xronometraji imkoni boricha 3 daqiqadan oshmasligi zarur, maksimum 5 daqiqa bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi. Rolik mazmun-mohiyati quyidagi uch mavzudan birini o‘zida aks ettirishi zarur:

– atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolar / yechimlar;
– biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha muammolar / yechimlar;
– suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha muammolar / yechimlar.

«Tabiat vaqti: inson, atrof muhit va bioxilma-xillik» mavzusidagi tanlov Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) bilan hamkorlikda Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan UzWaterAware loyihasi doirasida tashkil etilgan.

Ishtirok etish uchun 2020 yilning 1 oktyabriga qadar uzbekistan@carececo.org elektron manziliga «Tabiat vaqti» nomi bilan quyidagilarni yuborish kerak:

– ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
– videorolikning qisqa tavsifi hamda yaratilish tarixi;
– internetdagi biror maydonga mp4 formatida yuklangan videorolikka havola yoki xajmi yengillashtirilgan videoni (mp4) xatning o‘ziga bevosita ilova qilish mumkin.

Shu bilan birga, rolikni #Tabiatvaqti #Vremyaprirodы #Timefornature xeshteglari ostida Facebook, Instagram, Youtube ga joylashtirish, havolasini esa yuborish kerak bo‘lgan xatga ilova qilish zarur.

Asosiy sovrinlar bilan bir qatorda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p layk/ko‘rish/havola to‘plagan rolik muallifini rag‘batlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan alohida nominatsiya ajratilgan.

TANLOV ShARTLARI bilan batafsil quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://carececo.org/main/news/molodezhnyy-konkurs-sotsialno-ekologicheskikh-videorolikov-na-temu-vremya-prirody-chelovek-okruzhayu/

Foydali manbalar