Mamlakatimizda ayni damda g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumi davom etmoqda. Shu munosabat bilan Ekologiya vazirli respublikaning barcha fermerlari, korxona, tashkilot rahbarlari va yurtdoshlarimizdan g‘alla maydonlarida yong‘in sodir bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘rishni so‘raydi.
Muhim! Barcha xo‘jalik hududlarida yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlari o‘rib, yig‘ib olingandan so‘ng, dalalarda somon poya qoldiqlarini yig‘ishtirib olishingiz va ushbu hududlarda yong‘in sodir bo‘lishi kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rishingiz lozim!
Diqqat! Somonpoya qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi. Bu holat, shuningdek, iqtisodiyotimizga ham jiddiy zarar yetkazadi!
Qolaversa, somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligi keskin pasayadi, tuproq strukturasi buziladi. Yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida esa ekin yerlarining ball boniteti (tuproq unumdorligi) tushib ketadi.
Unutmang! Somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilishiga sabab bo‘lgan huquqbuzarlarga va yer egalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha (3,3 million so‘m) bo‘lgan miqdorda maʼmuriy jarimalar qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanadi.
Atrof-muhit ifloslanishining oldini olish barchamizning fuqarolik burchimizdir!