Dunyoda har yili 4 oktyabr kuni «Halqaro hayvonlar kuni» nishonlanadi. Bu bayram insoniyat e’tiborini yer sharida mavjud bo‘lgan hayvonot olamini muhofaza qilishga qaratadi.
«Halqaro hayvonlar kuni» yo‘q bo‘lib ketish havfi ostida turgan hayvonot olamiga insonlarning e’tiborni jalb qilish maqsadida ilk bor 1931 yilda Florentsiya (Italiya) shaxrida nishonlandi.
Ushbu bayram nafaqat yovvoyi hayvonlarni, balki xonaki (madaniylashtirilgan) hayvonlarni muhofaza qilishga ham qaratilgan. Chunki so‘nggi yillarda insonlar tomonidan xonakilashtirilgan hayvonlarga nisbatan shavqatsiz munosabatda bo‘lish hodisalari ko‘payib bormoqda.
Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra dunyoda har million yilda barcha biologik turlarning 9 % yo‘q bo‘lib ketadi. Boshqacha qilib aytganda, har yili tirik mavjudotlarning birdan beshgacha turlari yo‘q bo‘lib ketmoqda. Bugungi kunda hayvonot olamining yo‘q bo‘lib ketish tezligi besh barobargacha oshdi.
Bugungi kunda dunyoning 60 dan ziyod mamlakatlari ushbu bayramni nishonlab, tabiatni muhofaza qilish davlat organlari hamda hayvonlarni muhofaza qilish jamiyatlari tomonidan ushbu kunga bag‘ishlangan turli ommaviy tadbirlar va aktsiyalar uyushtiriladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi «Toshkent hayvonot bog‘i» bilan hamkorlikda 2020 yilning 4 oktyabr kuni Respublikamiz hududidagi ekologik masalalarni jamlagan holda ta’lim tizimi tomonidan ushbu masala yechimiga hissa qo‘shish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning ekologik savodxonligini oshirish, ularning ekologik ongi va ekologik madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish, ekologik ta’lim va tarbiya jarayonini samarali tashkil qilish maqsadida, maktab o‘quvchilari uchun «Halqaro hayvonlar kuni»ni nishonlashni rejalashtirgan.
Bayram 2020 yilning 4 oktyabr kuni soat 10:00 dan 12:00 ga qadar «Toshkent hayvonot bog‘ida» Yunusobod tumanining 187-sonli maktabning 5-sinf o‘quvchilari uchun uyushtirilmoqda.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati