Davlat ekologiya qo‘mitasida Koreyaning Global yashil taraqqiyot instituti rahbariyati bilan onlayn muloqot o‘tkazildi
22.
10. 2020
18:03
7146
News

22 oktyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Sh.Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari N.Oblomuradov Koreyaning Global yashil taraqqiyot instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) prezidenti, BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda Davlat ekologiya qo‘mitasi va Global yashil taraqqiyot instituti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi to‘g‘risida kelishildi. Shuningdek, hamkorlikning dastlabki qadami sifatida KOICA agentligi ko‘magida qiymati 5;6 mln. AQSh doll. bo‘lgan «Qoraqalpog‘iston Respublikasida Orol dengizi inqirozining oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan «Yashil tiklanishga investitsiya» qo‘shma loyihasini amalga oshirish muhokama qilindi.

O‘z navbatida Janob Pan Gi Mun mamlakatimizga tashrifi davomida Orol inqirozi nafaqat mintaqa, balki global miqyosdagi ekologik fojea ekanligiga shaxsan o‘zi guvoh bo‘lganligini, muammoning atrof-muhit, aholi sog‘lig‘iga ta’sirini kamaytirishga yo‘naltirilgan ishlarda xalqaro hamkorlik muhimligini hamda davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan muhim tashabbuslarni mamnuniyat bilan qabul qilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv qatnashchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlar yuzasidan axborot berildi, «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» nomli kitob Koreya tomoniga taqdim etildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources