Navoiy viloyati hokimi, senator Tursunov Kobul Beknazarovichning viloyat aholisi va faollariga Murojaati
29.
10. 2020
09:47
8839
News

Assalomu alaykum, qadrli viloyat aholisi!

Barchangizga ma’lumki, viloyatimiz o‘zining betakror tabiati, cho‘l va sahrolari, tog‘u dashtlari, daryo va suv havzalari, jozibador flora, faunasi bilan ajralib turadi. Bu beqiyos ne’matlar esa shu betakror zamin ahli manfaatiga beminnat xizmat qilib kelmoqda.

Bundan tashqari, viloyatimiz keng hududi, tabiiy boyliklari, obod manzillari bilan ham respublikamizda munosib o‘rin tutadi. Yurtdoshlarimiz bepoyon Qizilqum sahrosi bag‘rida joylashgan navqiron viloyatimizga hamisha havas bilan qarab kelmoqda. Albatta, bunday sharaf barchamizga cheksiz faxru iftixor bag‘ishlaydi.

Afsuski, hayotimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolar ham borki, bunga aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bugun siz qadrli teletomoshabinlarga murojaat bilan chiqayotganligimizning boisi ham aslida shu maqsadga qaratilgan. Chunki tabiat, havo, yer, suv, tabiiy minerallar, hayvonot va o‘simliklar bebaho boyligimiz, ularni asrab-avaylash esa muqaddas burchimiz ekanligini bir daqiqa bo‘lsa ham unutishga haqqimiz yo‘q. Bugun bu haqida bong urmasak, ertaga kech bo‘lishi aniq.

Afsuski, insoniyat aybi bilan hududimizda ekologik vaziyat toboro keskinlashib, atmosfera, o‘simlik va hayvonot dunyosiga katta ziyon yetkazilayotgani ham hech birimizga sir emas.

Xususan, shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyatimiz bo‘yicha 1600 tadan ortiq qonunbuzarliklar aniqlangani buning bir isbotidir. Aslida bu raqamlar bundan ham ko‘pligi hech kimga sir emas. Shunga qaramasdan tabiatga noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotgan fuqarolarimiz tomonidan qonunbuzarliklarni sodir etish holatlari tobora ko‘payib bormoqda.

Sobiq ittifoq davrida aholining tabiatga noto‘g‘ri munosabati, yer va to‘qayzorlardan qonunga xilof tarzda foydalanish, zarar yetkazish, cho‘llarni keng miqyosda o‘zlashtirish natijasida ayanchli ekologik vaziyat yuzaga keldi. Orol dengizi qurishi, daryolar o‘zanlaridagi minglab gektar tabiiy ixotazorlar yo‘q qilinishi natijasida iqlim o‘zgarib, sho‘rlanish darajasi ortib ketdi, bu esa turli kasalliklar avj olishiga sababchi bo‘ldi.

Uzoqqa bormaylik, Zarafshon daryosining bundan bir necha o‘n yil oldingi holati, uning o‘zani yuzlab qush va hayvonlarga makon bo‘lganini ko‘pchiligimiz yaxshi eslaymiz. U paytlar daryoning atrof-muhitga ijobiy ta’siri, jozibasi boshqacha edi. Yoki Qizilqum kengliklarida har qadamda turli-tuman o‘simliklar, qush va hayvonlar turlariga duch kelardik. Afsuski, hozirda ularning turlari ham, sonlari ham kamayib yo‘qolib bormoqda. Shunday ekan, fuqarolarimiz ona tabiatimizni asrash muhimligini to‘la anglab yetishi, kelajak avlod ongiga esa buni chuqur singdirishi lozim, deb hisoblayman.

Qolaversa, maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablarida farzandlarimizga ekologiya va uning ahamiyati haqida chuqur tushunchalar berish, bu yo‘nalishdagi dars sonini oshirish bo‘yicha takliflar bilan chiqish bugungi kunning muhim shartidir. Ekologiya mavzusini yosh avlod qalbiga singdirish maqsadga muvofiqdir.

Hayotimizda ro‘y berayotgan holatlarning oldini olish maqsadida, yo‘qolib borayotgan ko‘plab o‘simliklar va hayvonot dunyosi turlari O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritildi. Qizilqum sahrosi qulay ov ob’ekti bo‘lgani uchun ba’zi bir yurtdoshlarimiz ushbu kitobga kiritilgan o‘simliklarni yo‘q qilishi, qush va hayvon turlarini ayovsiz ovlashi, beozor jonivorlarga qirg‘in keltirayotganligining barchamiz bugun buning guvohi bo‘lmoqdamiz.

Qadrli navoiyliklar!

Albatta, iqtisodiyotimizni sanoat taraqqiyotisiz tasavvur eta olmaymiz. Navoiy viloyati ham sanoati rivojlangan va jadal sur’atda rivojlanib borayotgan hudud hisoblanib, yangi ishlab chiqarish korxonalar barpo etish hisobiga kengayib bormoqda. Bu quvonarlidir, albatta.

Bugungi kunda viloyatimizning sanoat korxonalari tomonidan hanuzgacha man’an eskirgan ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanilishi hisobiga har yili atmosferaga qariyb 50 ming tonna ifloslantiruvchi chiqindi chiqarib yuborilmoqda. Ayni paytda ushbu salbiy holatlarning oldini olish maqsadida zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni kiritishni hamda modernizatsiya qilishni bugungi davr taqozo etmoqda.

Yana bir og‘riqli nuqtalarimizdan - bu insoniyat tomonidan o‘simlik dunyosiga ziyon yetkazilishidir. Bilamizki, saksovul va barxanlar Qizilqum sahrosi bezagi, qumlarni bir joyda saqlab turuvchi himoya to‘sini hisoblanadi. Ammo, cho‘l hududlarida yashovchi mahalliy aholi, hattoki, qo‘shni viloyatlar fuqarolari tomonidan saksovullar ayovsiz kesib, tashib ketilmoqda. Birgina misol, shu yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida shu masala bilan bog‘liq 208 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, jismoniy shaxslarga 265 mln so‘mga yaqin jarima qo‘llanildi. Bu raqamlar esa aslida bundan-da ko‘p. Ayniqsa, bu holatlar qish mavsumida ko‘proq kuzatiladi.

Mana kuz fasli ham boshlanib, qish ham yaqinlashib qolmoqda. Bu esa o‘z navbatida yuqoridagi holat yanada avj olishidan dalolat beradi. Shunday ekan, bu jarayonda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda bor kuch va imkoniyatlarimizni tabiat mo‘‘jizalarini yo‘q qilishdan saqlab qolishga safarbar etishimiz lozim.

Yana shunday katta muammolarimizdan biri – chiqindi masalasidir. Bu masala ham doimiy ravishda barchamizni tashvishlantirib kelmoqda. Fuqarolarimiz tomonidan yashab turgan manzillari, ko‘cha-kuylarni axlatxonaga aylantirish, uy-ro‘zg‘ordan chiqqan chiqindilarni to‘g‘ri kelgan joyga tashlab ketish holatlari davom etmoqda va hududlarda turli antisanitariya holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu ham doimiy tarzda eng og‘riqli nuqtalarimizdan bo‘lib kelgan. Ming afsuski, tushuntirishlarga qaramasdan, aholi baribir bu kabi salbiy holatlarni sodir etishda davom etmoqda. Buning uchun jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va shaxsiy tashabbus ko‘rsatgan fuqarolarni rag‘batlantirish bo‘yicha o‘z takliflarimizni ishlab chiqishimiz, bunda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bosh tashabbuskor bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman.

Barchangizga ma’lumki, ayni paytda har qadamda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda, qurilish xom ashyosi va materiallariga ehtiyoj oshmoqda. Aholi va ba’zi tadbirkorlar tomonidan daryolar o‘zani hamda tog‘li hududlarda hech qanday ruxsatsiz noqonuniy kar’erlar tashkil etib, tosh va qum-shag‘allarni qazib olish ishlariga qo‘l urishmoqda. Bu g‘ayriqonuniy harakatlari bilan ular atrof-muhitga salbiy ziyon yetkazishmoqda, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bu kabi qonunbuzilishlar va ularning oldini olish ishlari esa doimiy ravishda tegishli vakolatli nazorat organlari e’tiborida bo‘lishi kerak.

Ayni paytda, o‘lkamizda kuz fasli kezmoqda. Bu davrda bargxazonlar to‘kilib, tevarak-atrofga sochiladi. Bog‘-rog‘larga shakl va ishlov berish, hosildan bo‘shagan yerlarni ag‘darish, har bir hudud iqlimiga mos manzarali daraxt nihollarini o‘tqazish mavsumi hademay boshlanadi. Bu palla aholi uchun yashab turgan hovli, ko‘cha, mahallalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish uchun qulay fursatdir. Chunki tozalik va ozodalik bor joyda qut-baraka, xosiyat mo‘l bo‘ladi. Ammo, shu o‘rinda alohida eslatib o‘tishimiz joizki, to‘plangan bargxazon va qurigan nihollarni yoqish tabiat, inson salomatligi uchun katta zarardir.

Yashab turgan manzillarimizni yanada obod etish yo‘lida aholi hovlilari, ko‘chalar, mahallalarda tozalik, ozodalik ishlarini jadallik bilan olib borish lozim.

Ayniqsa, ko‘chat o‘tqazishda havoga ko‘p kislorod ajratib beruvchi keng bargli, ya’ni, tol, terak, pavloniya, lipa, akatsiya, aylant, archa va boshqa daraxt ko‘chatlarini ekish alohida e’tibor berish va ko‘paytirishni tavsiya etaman.

Viloyatimizning hududiy jihatdan kengligi, ov qilish uchun qulay hudud bo‘lgani uchun nafaqat viloyatimiz, balki boshqa viloyatlar ovchilarining ham safi kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Ammo bu imkoniyatlardan noto‘g‘ri foydalanish, fauna va flora olamiga vaxshiylarcha munosabatda bo‘lish O‘zbekiston Respublikasining “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosiga jiddiy zarar yetkazish tobora tus olmoqda.

Achinarlisi, viloyatda brakonerlar soni o‘tgan yili 1400 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 1600 nafardan oshdi.

Qanchalik achchiq bo‘lsada alohida ta’kidlash kerakki, ular orasida rahbar xodimlar, tadbirkorlar va boshqa soha vakillarining ham borligi yanada tashvishlidir. Ona tabiat Yaratganning bebaho ne’mati, qolaversa davlat mulkidir. Ularga ziyon yetkazishga hech kimning aslo haqqi yo‘q. Shunday ekan, tabiatga beshavqatlarcha munosabatda bo‘layotganlarni tartibga chaqirish, o‘rni kelganda jazo muqarrarligini ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda bu kabi noqonuniy faoliyatni jilovlash fursati keldi, deb hisoblayman.

Aziz hamyurtlar!

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish doimiy davlatimiz va Hukumatimiz e’tiboridagi sohalardan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda milliy qonunchiligimizda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatni tartibga soluvchi 30 dan ortiq qonunlar va 140 tadan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani buning yaqqol isbotidir.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, yurtimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ona-tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, Yurtboshimizning 2019 yil 30 oktyabrdagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish Kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, joriy yil 10 avgustda Davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan muhim vazifalar soha taraqqiyoti uchun yangi istiqbollarni ochdi. Bundan tashqari, davlatimiz Rahbarining shu yil Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Ekologiya kodeksi qabul qilish to‘g‘risida”gi taklifi soha ravnaqi va kelajagi uchun tarixiy voqeilik bo‘ldi. Hozirdan deputatlarimiz bilan hamkorlikda ushbu qonun hujjatiga o‘zimizning takliflarimizni ishlab chiqib, taqdim etish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Hozirgi davr ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga doir amaldagi qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, sohada tub islohotlar o‘tkazishni talab etmoqda. Chunki amaldagi qonunchilik talablarida qonunbuzarlarga nisbatan jazo tariqasida faqatgina Ma’muriy javobgarlik belgilangan.

Shu o‘rinda, hurmatli deputatlarimiz!

Ushbu jazo choralarini yanada kuchaytirish yuzasidan yuqori palatalarga o‘zlarining asosli takliflarini berishlari maqsadga muvofiqdir.

Shunisi ravshanki, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish borasida maxsus qonunchilik asosida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmasa, ularning tabiatda yo‘q bo‘lib ketishi xavfini yo‘qotib bo‘lmaydi. Chunki tabiat mo‘‘jizalarining har bir turi takrorlanmas, yagona, o‘ziga xos o‘ringa va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan in’omdir.

Hurmatli tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari!

O‘z hududingizda ekologik vaziyat barqarorligini ta’minlash, tabiatni asrab-avaylash borasida tashkilotchilik, tashabbuskorlikni namoyon etish hamda ona tabiatni talon-taroj qilishga yo‘l qo‘ymaslik borasida faollik ko‘rsatishingiz talab etiladi. Ekologik vaziyat barqarorligida sizning e’tiboringiz va ko‘magingiz juda ham muhimdir.

Qadrli xalq vakili - deputatlar, jamoatchiligimiz vakillari!

Joylarda ekologiya tarbiya va madaniyatni qaror toptirishda deputatlarimiz va jamoatchiligimiz, mahalla faollarimiz ko‘magiga tayanamiz.

Chunki, sizlar hamisha xalq orasida bo‘lib, bu borada targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda jonbozlik ko‘rsatasizlar. Sizlarning bu ezgu va xayrli tashabbuslaringiz eko olam barqarorligida yetakchi o‘rin tutadi. Shu bois, ayni kunlarda bu borada yanada faol bo‘lishingizni, xalqimizni ortingizdan ergashtirishingizni so‘rab qolaman. Unutmang, biz hamjihatlikda va birgalikda katta kuchga egamiz.

Hurmatli viloyatdoshlar!

Bu muqaddas zamin - barchamizniki. Jonajon mamlakatimiz ekologiyasi, bebaho tabiati, har bir giyohi, suv resurslari, yer usti va yer osti boyliklaridan samarali foydalanish, asrash, ularni kelajak avlodlarga bus-butun yetkazish bugun har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Oldimizda kechiktirib bo‘lmas muhim vazifalar turibdi. Bugun bu borada chuqur qayg‘urmasak, ertaga uning asoratidan o‘zimiz, o‘sib kelayotgan farzandlarimiz qattiq aziyat chekishi turgan gap. Buning uchun esa hammamiz uyg‘onishimiz, loqaydlik va befarqlik kayfiyatidan xolos bo‘lishimiz lozim.

Albatta, bu borada kechiktirib bo‘lmas tadbirlarni amalga oshirish, aholi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda keng jamoatchilik, nuroniylar, deputatlar, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘magiga tayanamiz.

Qadrli hamyurtlar!

Bir so‘z bilan aytganda, Yaratganning muqaddas ona tabiatiga ziyon yetkazish aslo kechirilmas hatodir. Bu borada buyuk Abu Rayhon Beruniy bobomiz shunday degan: “Agar insonlar tabiatga nisbatan bepisand munosabatda bo‘lib, uning qonuniyatlarini buzsalar, tabiat bir kun kelib shunday o‘ch oladiki, uni hech qanday kuch qaytarolmas”, degan naqadar ulug‘ da’vatlarini ayni haqiqat ekanligini ta’kidlab o‘tishni joiz deb, hisoblayman.

Shunday ekan, viloyatimiz ekologiyasi va atrof-muhitni muhofaza qilishda barcha viloyatimiz ahlini, davlat va jamoatchiligimiz vakillarini barchani yaqin hamkorlikka, faollikka da’vat etaman.

E’tiboringiz uchun raxmat!

Manba: https://telegra.ph/Navoij-viloyati-hokimi-senator-

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources