Barqaror rivojlanishda ekologiyaning o‘rni
19.
11. 2020
19:45
21793
News

Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish eng dolzarb, hammani to‘lqinlantirayotgan muammolardan biridir. O‘tgan asrning oxiriga kelib inson bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlar muvozanatining buzilishi natijasida atrof-muhit, ekologik vaziyat keskin o‘zgarishlarga yuz tutdi. “Ekologiya” atamasi grekcha so‘z bo‘lib, “aykos” – “yashash joyi”, “makoni”, “logos” – “ta’limot” degan ma’noni bildiradi. “Ekologiya” atamasi birinchi marta nemis olimi Ernest Gekkel tomonidan 1866 yilda qo‘llanilgan. U “ekologiya – bu tabiat iqtisodiyotini bilish, bir vaqtning o‘zida tirik organizmlarning muhitni organik va noorganik komponentlari bilan bo‘lgan barcha munosabatlarni tadqiq qilishdir”, deb ta’rif bergan.

Ilk bor biologiya fanining bir qismi sifatida vujudga kelgan ekologiya sanoat, shaharlar, tabiiy resurslardan foydalanish ko‘lamining kengayishi natijasida ko‘proq ijtimoiylashdi va inson ekologiyasiga aylanib bormoqda. Oldingi davrlarda tabiiy sharoit va tabiiy resurslardan iqtisodiyotda qanday foydalanish masalalariga asosiy e’tibor qaratilgan bo‘lsa, hozirgi davrda esa ishlab chiqarish tarmoqlarining atrof-muhitga ta’sirini baholash, tahlil qilish va shu asosda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ishlab chiqish muhim vazifalardan biri sifatida qaralmoqda.

Hozirda Yer yuzida global, regional va mahalliy ekologik muammolar vujudga kelganligini alohida ta’kidlab o‘tishimiz zarurdir. Jumladan, global iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish, Orol dengizi muammosi va boshqalarni sanab o‘tishimiz mumkin. Mavjud ekologik muammolarning yechimini topish, bartaraf etish yo‘llarni ishlab chiqish uchun ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ekologik tendentsiyalarni kuzatib borish va shu asosda ijobiy xulosalar chiqarish talab etiladi. Ekolgik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish muammosi alohida e’tiborga molik vazifa bo‘lib, hozirgi vaqtda mamlakatimiz tabiiy boyliklarini saqlab qolish va ularni kelajak avlodga yetkazish muhim masalalardan biridir. Tabiat bilan inson o‘zaro muayyan qonuniyatlar asosida munosabatda bo‘ladi, bu munosabatlar odamlarning ekologik madaniyatiga bog‘liqdir. Tabiat qonuniyatlarini buzish, o‘nglab bo‘lmas ekologik falokatga olib kelishi muqarrardir. Misol tariqasida Sobiq Ittifoq davridagi ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish, eng avvalo tayyor mahsulot emas, balki, qishloq xo‘jalik xom-ashyosin ko‘paytirish manfaatlarini ko‘zlagan ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga zid tadbirlar, oxir-oqibatda, Orol dengizi va Orolbo‘yi ekologik inqiroziga olib kelganligini ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqlarida bevosita global iqlim o‘zgarishi va Orol muammosiga to‘xtalib o‘tgan edi: “Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.

E’tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi”. Shulardan kelib chiqqan holda Orol bo‘ydagi ekologik muammolar naqadar jiddiy ekanligini ko‘rishimiz mumkin va bu muammolarni xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda hal etish choralarini ishlab chiqish lozim.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasiga muvofiq Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar maydonini jami hududiga nisbatan 60 foizgacha yetkazish, Nukus, Urganch va Xiva shaharlari atrofida "Yashil belbog‘" tashkil etish maqsadida tuzga chidamli, tez o‘sar saksovul, cherkez va qandim o‘simliklari ekish ishlari olib borilmoqda.

Tabiat komponentlari va hodisalarning o‘zaro aloqasi hamda bog‘liqligi turli xil ko‘rinishlarda sodir bo‘ladi. Buni o‘simlik bilan hayvonot dunyosi, tuproq bilan zaminning ustki yotqiziqlari, yog‘in miqdorining ko‘payib yoki kamayib borishi bilan o‘simliklar turi ham miqdor jihatdan o‘zgarib borishida kuzatishimiz mumkin. Bu o‘zgarishlar ko‘p jihatdan inson faoliyatining faollashuvi bilan bog‘liqdir.

Bugungi kunda global iqlim o‘zgarishi eng dolzarb ekologik muammolardan biridir. Iqlim o‘zgarishining oldini olishga qarshi jahon mamlakatlari birgalikda kurashishlari muhimdir. Bu borada 2015 yil 12 dekabrda Parijda Birlashgan Millatlar Tashkilotiniing iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy konventsiyasiga bag‘ishlangan konferentsiyaning 21-sessiyasida “Parij Bitimi” qabul qilindi va 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirdi.

Hozirgi vaqtda Parij Bitimini imzolagan 195 mamlakatning 180 tasi mazkur Bitimning ishtirokchisi hisoblanadi. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, ular uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan iqlim bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishda cheklanishlar qo‘llaniladi. Bitimning maqsadi sayyoramizda global iqlim o‘zgarishining, ya’ni isishning oldini olish. O‘zbekiston 2017 yil 19 aprelda BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan va 2018 yil 2 oktyabrda ratifikatsiya qilgan.

Iqtisodiyot rivojlanishi ko‘p hollarda tabiiy resurslarga bog‘liq. Turli resurslarning mavjudligi xalq xo‘jaligi tarmoqlarini muttasil rivojlantirib borishga imkon beradi. Bu borada ekologik tabiiy resurslarning ham o‘z o‘rni bor. Dunyo bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 35 foizidan ortig‘ini ekologik soha resurslari yetkazib beradi va aholi soni ortib borishi bilan bu raqam yana ortib boradi.

Er sharida kislorodning asosiy manbai hisoblangan o‘rmonlar maydoni yil sayin (125 ming km² ga) qisqarmoqda. XXI asrning boshiga kelib sayyoramiz yashil boyligi-o‘rmonlarning 50 foizdan ortig‘i inson tomonidan kesib bo‘lindi. Bu albatta ekologik muammolarning keskinlashuviga olib keladi.

Quyidagi jadvaldan ko‘rinib turibdiki, yer yuzida o‘rmon maydonlarining qisqarish tendentsiyasi kuzatilmoqda. 1990 yida dunyo o‘rmon maydonlari 41 683 990 ming km² ni tashkil etgan bo‘lsa, 2000 yilga kelib bu ko‘rsatkich 40 850 630 ming km² ga teng bo‘ldi. Ya’ni, 833 360 ming km² ga qisqargan, bu jami dunyo o‘rmon maydonining 2,04 foizni tashkil etadi. 2010 yilda o‘rmon maydonlari 40 329 050 ming km² ni tashkil etdi, ya’ni, 2000 yilga nisbatan 1,29 foizga (521 580 ming km²) qisqargan.

Eng ko‘p o‘rmonlarning qisqarish holati Afrika va Janubiy Amerika hududlariga to‘g‘ri keladi. Afrikada o‘rmonlar maydoni 2000 yil 1990 yilga nisbatan 406 740 ming km² ga qisqargan, ya’ni 5,74 foizni tashkil etadi. 2010 yilda 2000 yilga nisbatan 5,06 foizga (341 450 ming km²) qisqargan. Janubiy Amerikada esa 2000 yil 1990 yilga nisbatan 4,66 foizga (421 320 ming km²) qisqargan. 2010 yilda esa 2000 yilga nisbatan 4,62 foizga (399 710 ming km²) qisqarganini ko‘rishimiz mumkin.


Dunyo mintaqalari bo‘yicha o‘rmonlarning taqsimlanishi

1-jadval

Dunyo mintaqalari bo‘yicha o‘rmon maydonlarining taqsimlanishi va o‘zgarish dinamikasi (ming km²)

Mintaqalar

1990 yil

2000 yil

2010 yil

2000 yil 1990 yilga nisbatan
ing km²

2010 yil 2000 yilga nisbatan
ing km²

2000 yil 1990 yilga nisbatan
(%)

2010 yil 2000 yilga nisbatan 
(%)

1.

Sharqiy Afrika

888 650

810 270

731 970

-78 380

-78 300

-9,67

-10,70

2.

G‘arbiy Afrika

915 890

819 790

732 340

-96 100

-87 450

-11,72

-11,94

3.

Shimoliy Afrika

851 230

792 240

788 140

-58 990

-4 100

-7,45

-0,52

4.

Markaziy Afrika

2 682 140

2 614 550

2 548 540

-67 590

-66 010

-2,59

-2,59

5.

Janubiy Afrika

2 154 470

2 048 790

1 943 200

-105 680

-105 590

-5,16

-5,43

Afrika

7 492 380

7 085 640

6 744 190

-406 740

-341 450

-5,74

-5,06

6.

Sharqiy Osiyo

2 091 980

2 268 150

2 546 260

176 170

278 110

7,77

10,92

7.

G‘arbiy Osiyo

255 880

262 260

274 980

6 380

12 720

2,43

4,63

8.

Markaziy Osiyo

159 010

159 800

160 160

790

360

0,49

0,22

9.

Janubiy-sharqiy Osiyo

2 472 600

2 230 450

2 140 640

-242 150

-89 810

-10,86

-4,20

10.

Janubiy Osiyo

781 630

780 980

803 090

-650

22 110

-0,08

2,75

Osiyo

5 761 100

5 701 640

5 925 130

-59 460

223 490

-1,04

3,77

11.

Rossiya

8 089 500

8 092 690

8 090 900

319

-179

0,04

0,02

12.

Evropa (RFdan tashqari)

1 805 210

1 889 710

1 959 110

84 500

69 400

4,47

3,54

Evropa

9 894 710

9 982 400

10 050 010

87 690

67 610

0,88

0,67

13.

Kanada

3 101 380

3 100 330

3 099 820

-1 050

-510

-0,03

-0,02

14.

Karib havzasi

59 010

64 330

69 320

5 320

4 990

8,27

7,20

15.

Meksika

702 910

667 510

648 020

-35 400

-19 490

-5 30

-3,01

16.

AQSh

2 963 350

3 001 950

3 040 220

38 600

38 270

1,29

1,26

17.

Markaziy Amerika

257 170

219 800

194 990

-37 370

-24 810

-17,00

-12,72

Shimoliy Amerika

7 083 820

7 053 920

7 052 370

-29 900

-1 550

-0,42

-0,02

Janubiy Amerika

9 464 540

9 043 220

8 643 510

-421 320

-399 710

-4,66

-4,62

Okeaniya

1 987 440

1 983 810

1 913 840

-3 630

-69 970

-0,18

-3,66

Dunyo bo‘yicha

41 683 990

40 850 630

40 329 050

-833 360

-521 580

-2,04

-1,29

Jadvaldagi ma’lumotlar https://ru.wikipedia.org saytidan olindi.

Tabiat va jamiyat bir butundir. Ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning keskinlashuvi ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi davlat siyosati darjasida qaraladi. Sohaga oid ko‘plab qonun, qarorlar va kontseptsiya ishlab chiqilgan va davlat dasturi qabul qilingan.

Ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik rivojlanish barqaror taraqqiyotni ta’minlab beradigan uchta asosiy yo‘nalishlardir. Barqaror taraqqiyotga erishish sohalarda qator chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Ekologiya sohasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi barqaror rivojlanishning garovidir.
 

ESANOV BAHROM,
Ekologiya va atrof-muhitni 
muhofaza qilish davlat qo‘mitasi
bosh mutaxassisi

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources