Chiqindini axlat qutisiga tashlang, ijtimoiy tarmoqqa emas!
02.
12. 2020
15:11
6421
News

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda turli mazmundagi murojaatlar ko‘payib qoldi. Ularning aksariyatida kundalik hayotdagi kamchiliklar, yetishmovchiliklar bayon etilgan. Albatta, tegishli idora va tashkilotlar tomonidan muammolar atroflicha o‘rganilib, bartaraf etilayapti. Ammo…

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor-da, yaqinda ijtimoiy tarmoqda o‘qib qoldim, «Ko‘cha burilishida ikki chelak axlat to‘kilgan, mas’ullar qaerga qarayapti, buni qachon bartaraf etishadi?» Bunday madaniyatsizlikdan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan video yoki foto murojaatni ko‘rib, ba’zan kishining ensasi qotadi. O‘ylab qolasiz, «endi rahbar har bir odamning orqasidan poyloqchi qo‘yishi kerakmi», deb.

Aslida-chi, shu chiqindini kim ko‘chaga tashlagan? Balki u o‘sha ijtimoiy tarmoqqa yozgan shaxsning qarindoshi bo‘lishi mumkin-ku, axir. Agar odamda insoniylik, ekologik madaniyat, farovonlikka mas’uliyat tuyg‘usi bo‘lsa, chiqindini ijtimoiy tarmoqqa joylamay, o‘zi chiqindixonaga olib borib tashlagan bo‘lardi. Shunday emasmi?!

Shu yurtda tug‘ilgan, shu zaminda mehnat qilayotgan, ma’naviyatli, madaniyatli inson borki, bu murojaatni o‘qib: «Yozganning otasiga rahmat», demasa kerak. Rostini aytsam, ikki chelak axlatni to‘rt tomonidan aylanib, tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirguncha behuda ketgan vaqtiga achinadi-da odam. Beixtiyor ana sizga musulmonchilik, deganingizni bilmay qolasiz. Mabodo murojaatchi ota-bobolar udumiga amal qilib, chiqindini olib tashlaganda, madaniyatsizlik bo‘larmidi, aslo yo‘q! Ana unda odamlar: «Falonchining otasiga rahmat», deb rostakamiga aytgan bo‘lardi. Xalqimiz: «Odobni beodobdan o‘rgan», deb bejiz aytmaydi-da.

Shunga qaramay, biz murojaatchini aybdor demoqchi emasmiz. U har tugul ayrim shaxslarga ko‘cha madaniyatiga rioya qilish kerakligini eslatgan. Ha-da, azaliy madaniyatimiz, ma’naviyatimiz bilan hammaga namunamiz, deb faxrlanamiz. Lekin bunday dilxiraliklar ajdodlardan qolgan ibratimizga soya solmaydimi? Albatta, soya soladi!

Nahotki, endi xonadonimizda to‘plangan chiqindini maxsus joyga tashlash uchun ham tepadan topshiriq yoki buyruq bo‘lishi kerak? Bu ham mayli, ba’zan chiqindini oqar suvga tashlayotgan fuqarolarni ko‘rib, odamning dili ranjiydi. Unga achinib qaraysan. Axir, hatto ota-bobolarimiz suvga tupurishni ham gunoh, deganlar.

Yoki bugun bu hikmat, o‘gitlar unut bo‘ldimi?

Rostini aytganda, o‘zimiz yurish-turishimiz, bajarayotgan yumushimiz bilan, birinchi navbatda, farzandlarimizga namuna bo‘lishimiz kerak. Xalqimizda: «Qush uyasida ko‘rganini qiladi», degan maqol bor. Bolalar kattalarga qarab o‘sib-ulg‘ayadi. Shu bois, ularni to‘g‘ri tarbiyalamoqchi bo‘lsak, avvalo, o‘zimizni chig‘iriqdan o‘tkazib olishimiz lozim. Ana shunda ertamiz obod, kelajagimiz nurafshon bo‘ladi.

O‘zi ko‘cha madaniyati nima? Qo‘limizdagi tamaki qoldig‘i yoki ishlatilgan niqobni, yo boshqa axlatga tashlanadigan qoldiqni duch kelgan joyga irg‘itib ketish emas, albatta. Ayniqsa, o‘z yaqinlarimiz, hamshaharlarimiz sog‘ligini o‘ylasak, bunday holat oddiy gigiena qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Shahrimizning go‘zalligi va saranjom-sarishtaligi, avvalo, o‘zimizning sog‘ligimiz uchun kerak. Shu bois, hadeb kichik muammo bilan olamga jar solishdan oldin, uni joyida hal etish choralarini ko‘rishga harakat qilaylik. Bunday muammolarni o‘zimiz hamjihatlikda va birdamlikda hal eta olamiz, albatta.

Otabek ASLONOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Navoiy viloyati bo‘limi raisi

 

Manba: http://journalist.uz/n/20060

(«HURRIYAT» gazetasining 2020 yil 2 dekabr 43-sonidan olindi)

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Axborot xizmati

 


 

Useful resources