Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan joriy yil 15 mart kuni tungi soat 23 larda Qarshi shahar «Alisher Navoiy» istirohat bog‘i ichidagi «Nuroniylar maskani»da Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ko‘p yillik har xil turdagi daraxtlarni motorli arra bilan kesib, TTZ-80 rusumli davlat raqami 727 GA 70 traktori tirkamalariga ortayotganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan huquqbuzarlarga tushuntirish ishlari olib borilib, qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar ularning daraxt kesish moslamalari olib qo‘yilgandi. Lekin, bunga qaramasdan, joriy yilning 22 mart kuni qoq yarim tunda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan istirohat bog‘i ichidagi «Nuroniylar maskani»da Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasining yana bir guruh xodimlari ushbu hududdagi qolgan ko‘p yillik daraxtlarni kesayotganligi ashyoviy dalillar bilan qayd etildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan yuqorida keltirilgan ikkala holat atroflicha o‘rganildi. Daraxt kesishga moratoriy joriy qilingani Qarshi shahar hokimligi mutasaddilariga yana bir bor eslatilib, 14 dona ko‘p yillik daraxtlarni nobud qilishning oqibati tushuntirildi. Ular tomonidan tabiatga yetkazilgan zarar 58 mln. 677 ming 500 so‘m miqdorida hisoblandi.
Asli vazifasi obodonlashtirish bo‘lgan boshqarma xodimlarining bunday hatti-harakatini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxassislari esa huquqbuzarliklarning oldini olish va tartib-qoidalarni pisand qilmaganlarga nisbatan tegishli chora ko‘rish ishlarini izchil davom ettiraveradi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati