2021 yil 12 aprel kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan «Sanoat korxonalarining atrof-muhitga zararini kamaytirish va atmosfera havosini muhofaza qilish masalalari» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ma’lumki, havoning ifloslanishi inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, allergiya va nafas olish tizimi kasalliklarini keltirib chiqaruvchi sabablardan biri hisoblanadi. Deyarli har bir yirik shahar atmosferasida yuqori miqdorda ifloslantiruvchi moddalar kuzatiladi. Ular ekotizim va aholi sog‘lig‘iga ziyon keltirishi nuqtai nazaridan jiddiy tashvish uyg‘otadi.
Metallurgiya, energetika,neft-gaz va konchilik sanoati korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish ob’ektlari hamda avtotransport vositalaridan chiqayotgan tutunlar atmosferani ifloslantiruvchi asosiy manbalardir.
Bu boradagi hozirgi ahvol, shuningdek, kelajakda chiqindilar chiqarish hajmlarining yanada ko‘payishi elektr va issiqlik energiyasi manbalarini diversifikatsiyalash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni taqozo etadi.
Ta’kidlash joizki, respublika bo‘yicha oxirgi yillarda olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar evaziga ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Masalan, havoga chiqarilayotgan jami ifloslantiruvchi moddalar miqdori 2016 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 2020 yilda 11 foizga yoki 255,8 ming tonnaga kamayishiga erishildi. Yo‘nalishlar kesimida oladigan bo‘lsak, mazkur miqdorlar sanoat korxonalarida 12,2 foizga yoki 109,8 ming tonnaga, transport vositalarida 10,4 foizga yoki 145,9 ming tonnaga kamaydi.
O‘zbekiston Respublikasida atmosferaga salbiy ta’sir oqibatlarini imkon qadar yumshatish maqsadida Davlat ekologiya qo‘mitasi va tizim tashkilotlari tomonidan bir qator ishlar olib borilib, xalqaro hamkorlik doirasidagi loyihalar muvaffaqiyati ta’minlanmoqda.
2021 yilda BMTning Ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena Konventsiyasiga asoslangan Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokolining Kigali tuzatishiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi maqsadga muvofiqligi bo‘yicha kengaytirilgan tahliliy ma’lumotlar yig‘ilishini davom ettirish va pirovardida ushbu tuzatishga qo‘shilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasida 2020 yil 1 yanvardan boshlab «Evro-4»dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirishni ta’qiqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotgani ham diqqatga sazovor. Xususan, yangidan ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan neftni qayta ishlash zavodlarida «Evro-4» va undan yuqori ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish sharti bilan Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini olish tartibijoriy etilib, uning amaldagi ijrosiyuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.
Matbuot anjumanida qo‘mita tomonidanatrof-muhit ifloslanishining oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan monitoringga oid raqamlar ham keltirildi.Ma’lum qilinishicha, davlat ekologik monitoringi o‘tkaziladigan jami ob’ektlar soni 2020 yildagi 620 tadan ayni paytda 685 taga yetkazildi.
Yil boshidan buyon 403 ta korxonaning 1413 ta manbalarida monitoring amalga oshirilib, 136 ta ob’ektning 169 ta manbasida atrof-muhitni ruxsat etilgan me’yordan ortiq ifloslantirish holatlari aniqlandi va bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 5 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida» 737-son qarori doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasitomonidan «Atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasi» yaratilib, unga O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi atrof tabiiy muhit davlat monitoringi bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi ham integratsiya qilindi.Endilikda shu tizimga Davlat geologiya qo‘mitasi va «O‘zgidromet» xizmati markaziningaxborot tizimlarini ham integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Monitoring tizimini raqamlashtirish maqsadida respublikadagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan 406 ta sanoat korxonasining 1360 ta atmosfera havosiga ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalarida 2021-2025 yillarda bosqichma-bosqich avtomatlashtirilgan monitoring tizimi tashkil qilinadi.
2020 yilda hududiy tahlil laboratoriyalari o‘lchov-nazorat asbob-uskunalari bilan ta’minlash maqsadida Xalqaro grantlar hisobidan 893,1 ming AQSh dollari miqdorida «Mercedes Benz Sprinter» rusumli 2 ta mobil ekologik laboratoriyalari va 13 xildagi 20 dona o‘lchov nazorat asbob-uskunalari olindi.
Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasi hisobiga 187,9 mln so‘m miqdorida 3 dona o‘lchov-nazorat asbob-uskunalari va 3 to‘plamdan iborat mebel jihozlari xarid qilindi.
Mazkur tadbirlarni joriy yilda ham davom ettirish maqsadida davlat byudjeti, grant mablag‘lari va jamg‘arma hisobidan jami 26,0 mlrd so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 25 noyabrdagi 748-son qaroriga muvofiq har biri 330,0 ming AQSh dollari qiymatiga teng 8 ta mobil laboratoriyalar hamda Toshkent viloyati tahlil laboratoriyasini umumiy 1,0 mln AQSh dollari mablag‘lag‘lari hisobiga zamonaviy o‘lchov-nazorat asbob-uskunalari bilan jihozlash amalga oshiriladi.
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati