Milliy matbuot markazida “Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi
20.
08. 2021
16:38
4967
Event

2021 yil 20 avgust kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Milliy matbuot markazida “Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda, eng avvalo, atmosfera havosini muhofaza qilish va uning ifloslanishining oldini olish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili ifloslangan havodan nafas olish natijasida 7 mln.ga yaqin kishi vafot etmoqda. Odamlarda astma singari surankali kasalliklar, bolalarning aqliy rivojlanishi susaymoqda. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatlarning havoning ifloslanishidan ko‘rayotgan zarari 5 trln AQSh dollarini tashkil etadi.

Qum-tuz-chang bo‘ronlari va boshqa tabiiy jarayonlar ham havoning ifloslanishiga olib keladi.

Ta’kidlanganidek, hech kim 5 ta asosiy texnogen manbalaridan hosil bo‘ladigan ifloslanishdan kafolatlanmagan: sanoat, transport, chiqindilar, qishloq va uy xo‘jaligi. Mazkur manbalardan atmosfera havosiga tashlanayotgan qator zararli moddalar: uglerod monooksidi, qo‘rg‘oshin, karbonat angidrid gazi,azot oksidi insoniyat salomatligi uchun katta xavfni yuzaga keltiradi.

Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari

Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari

Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari

Atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari

Mamlakatimizda atmosfera havosini ifloslantirish darajasi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilishi yaxshi ma’lum. Unga ko‘ra, 2020 yilda atmosferaga tashlamalar miqdori 2,255 mln tonnani tashkil qilib, 2018 va 2019 yilga nisbatan 7 foizga (155,0 va 150,0 ming tn) kamaygan.

Tashlanmalarning 1,3 mln tonnasi (58 foiz) transport vositalari hamda 924,0 ming tonnasi (42 foiz) sanoat va ishlab chiqarish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan respublika bo‘yicha chang-gaz tozalash uskunalarining nosozligi tufayli yiliga 135,3 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosferaga tozalanmasdan tashlanmoqda.

Shu sababli 2023 yil yakuniga qadar, respublika bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalarida belgilangan talablar asosida zamonaviy chang-gaz tutgichlari o‘rnatish ishlari amalga oshirish bo‘yicha 53 ta ishlab chiqarish korxonalarining qariyb 320 ta ChGTUlarni modernizatsiya qilish, jumladan, joriy yil yakuniga qadar, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ta, Qashqadaryoda 1 ta, Farg‘onada 1 ta va Toshkent viloyatida 2 ta ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida jami 37 ta chang-gazlarni tutib qolish uskunalarini ta’mirlash va yangilariga almashtirish hisobiga ularning samaradorligini yanada oshirish belgilandi.

Xususan anjumanda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Respublikada chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mib tashlash bilan bog‘liq muammolarni hal etish hamda chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini bartaraf etish maqsadida 2019-2028 yillarga mo‘ljallangan qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish Strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi tasdiqlangan.

Aholini sanitar tozalash hizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 5 foizdan bugungi kunda 90 foizga ortdi, yoki respublikadagi mavjud 9 170 ta mahallalardan 8 253 ta mahallalar qamrab olindi.

Respublika hududida hosil bo‘layotgan qattiq maishiy chiqindilarning 21 foizi qayta ishlanmoqda.

2021 yil yakuniga qadar DXSh loyihalarini keng joriy etish orqali mahallalarni sanitar tozalash xizmatlari bilan 100 foizga qamrab olish, qayta ishlash darajasini 36 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Maishiy chiqindi poligonlarini tartibga keltirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

104 ta poligonlar tartibga keltirildi, 128 ta poligonda rekultivatsiya ishlari bajarildi, foydalanishda bo‘lmagan 36 ta poligon rekultivatsiya qilindi yopildi hamda hokimyat yer zaxirasiga topshirildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources