Davlat ekologiya qo‘mitasi Global qor qoploni va ekotizimlarni muhofaza qilish Dasturi (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining yig‘ilishida ishtirok etdi
22.
10. 2021
12:11
4598
Event

Xalqaro qor qoploni kuni (International Snow Leopard Day) doirasida 2021 yil 22 oktyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi vakillari Global qor qoploni va ekotizimlarini muhofaza qilish Dasturi (GSLEP) boshqaruv qo‘mitasining videomuloqot shaklidagi oltinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Tadbirda GSLEP Dasturiga a’zo hamda qor qoploni uchraydigan 11 ta areal davlatlari atrof-muhit idoralari rahbariyati (Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Mongoliya, Nepal va Butan Qirolligi), BMT Taraqqiyot Dasturi, BMT Atrof-muhit Dasturi, Global ekologik jamg‘arma (GEF), Qor qoploni trast jamg‘armasi (Snow Leopard Trust) kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida o‘tgan davr mobaynida qor qoplonini muhofaza qilish, u uchraydigan tabiiy muhitni, ekologik tizimlarni va tabiiy resurslarini holatini o‘rganish, muhofaza qilish, monitoringini olib borish bo‘yicha tadqiqotlar natijalari hamda qor qoploni va tog‘ ekotizim landshaftlarini yaxshilash bo‘yicha keyingi davr uchun rejalar kelishib olindi. Xususan, yovvoyi hayvon va o‘simliklar bilan noqonuniy savdosi monitoringi, bioxilma-xillikni baholash sohasida salohiyatni oshirish, iqlim o‘zgarishining qor qoploni landshaftlari va tog‘li ekotizilariga ta’sirini o‘rganish va boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

O‘z navbatida, Davlat ekologiya qo‘mitasi delegatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda qor qoploni uchraydigan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, bu sohadagi xodimlar salohiyatini oshirish, bioxilma-xillikni mahalliy aholi darajasida muhofaza qilish, brakonerlik va yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yish, aholining ekologik xabardorligini oshirish kabi sohalarda olib borilayotgan izchil ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston atrof-muhit idoralari o‘rtasida G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyda qor qoploni, ozuqa bazasi va yashash muhitini muhofaza qilish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolanishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Tadbir yakunlari bo‘yicha GSLEP Dasturi boshqaruv qo‘mitasi oltinchi yig‘ilishining qo‘shma bayonoti qabul qilindi.

 

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources