Qoraqalpog‘iston Respublikasi. Tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda
13.
12. 2021
17:52
4013
News

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 12 dekabr kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Nukus shahar, Taxiatosh, Taxtako‘pir tumani inspektorlari hamkorligida Taxtako‘pir tumanida ekologik huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish yuzasidan nazorat tadbirlari amalga oshirildi.

Mazkur reyd davomida taxminan soat 14 larda Taxtako‘pir tumani Qo‘ng‘irotko‘l ovul fuqarolar yig‘ini atrofidagi cho‘l hududida noma’lum shaxslar davlat raqamisiz “UAZ 469” rusumli rangi kulrang (belaya noch) avtomashinasida turganligi aniqlangan.

Noma’lum shaxslar inspektorlarning yaqinlashayotganligini ko‘rib qolib, voqea joyidan qochishgan. Inspektorlar taxminan 5 km masofagacha ularning izidan borgan. Lekin ushlash imkoni bo‘lmagan.

Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda otilgan patron gilzasi, idish-tovoq, xo‘jalik buyumlari bo‘lgan pichoq, bolta, yoqilg‘i, kiyim-boshlar hamda “Qizil kitob”ga kiritilgan 14 dona jayron, 5 dona yovvoyi quyon tashlab ketilganligi ma’lum bo‘ldi.

Davlat inspektorlari tomonidan ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma tuzilib, voqea joyi video tasvirga olindi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga xabar qilindi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources