Toshkentga elektrobuslar olib kelindi
08.
02. 2022
11:34
3879
News

Toshkent shahriga Xitoyning Yutong kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta elektrobuslar olib kelindi. Shuningdek, elektrobuslar uchun 10 ta quvvatlash uskunalari ham olib kelingan.

1 fevral kuni “Toshshahartransxizmat” avtoparki uchun mo‘ljallangan 20 ta elektrobusdan iborat partiya Toshkentga yetib keldi. Ushbu elektrobuslar Xitoyning Yutong Bus kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Ta’kidlash joizki, respublikamizda atmosferaga umumiy tashlanmalarning 60 foizga yaqini transport vositalari hissasiga to‘g‘ri keladi va yiliga o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli gazlar havoga tashlanmoqda.

Transport vositalarining atmosferaga tashlamalari ustidan davlat nazoratini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab har yili ikki bosqichda “Toza havo” tadbiri o‘tkazib kelinmoqda. 2021 yilgi “Toza havo” tadbirining I va II-bosqichi davomida jami 280 mingga yaqin avtotransport vositalari ko‘rikdan o‘tkazildi.

2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasi doirasida mamlakatimizda transportlarni gaz ballon yoqilg‘isiga, elektr quvvatiga va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, bunda, 2022 yilga kelib transport vositalarining 50 foizini, 2030 yilga kelib esa 80 foizini gaz-ballon yoqilg‘isi va elektr energiyasida ishlashga o‘tkazish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.

Agarda, mavjud texnika vositalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan jami 3,2 mln dona avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, shundan, 15,8 ming donasi avtobuslar hisoblanadi. Shundan, gaz yonilg‘isida harakatlanadigan avtobuslar 10 240 tani tashkil etadi.

Toshkent shahri bo‘yicha esa, jami 1181 ta avtobuslar harakatlanib, shundan 812 tasi yoki 69 foizi tabiiy gaz yonilg‘isiga mo‘ljallangan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, dizel yoqilg‘isida harakatlanadigan avtobuslar bir yilda o‘rtacha atmosferaga 5,5 tonnadan ortiq zararli gazlarni tashlaydi. Mazkur elektrobuslarning olib kelinishi esa poytaxt havosiga yiliga 110 tonnadan ortiq zararli gazlar tashlanishining oldini olishga xizmat qiladi.

Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida, 2023−2025 yillarda qo‘shimcha yana 653 ta avtobus va elektrobuslarning sotib olinishi rejalashtirilgan. Bu bilan poytaxtimiz atmosfera havosining musaffoligi ta’minlanishiga erishgan bo‘lamiz.


Davlat ekologiya qo‘mitasining
Atmosfera havosini muhofaza
qilish boshqarmasi boshlig‘i
Azizjon Kalimbetov

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources