Nufuzli tadbirda munosib ishtirok etildi
04.
03. 2022
15:55
5063
News

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov boshchiligidagi delegatsiya BMT Atrof-muhit assambleyasining davom ettirilgan 5-sessiyasi (UNEA-5.2)da ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun aytadigan bo‘lsak, Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov ushbu xalqaro tadbirning joriy yilning 28 fevral kuni bo‘lib o‘tgan tantanali qismida ham ishtirok etib, ma’ruza qilgan edi.

Bundan tashqari, joriy yilning 3-4 mart kunlari 1972 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP@50) tashkil etilganining 50 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan Assambleyaning maxsus sessiyasida tabrik nutqi bilan ishtirok etdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi bu galgi ma’ruzasida davlatimiz tomonidan Orolbo‘yida ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash, xususan, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlarni barpo etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritib, BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘psheriklik Trast fondining ta’sis etilgani bu borada katta ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, 5 yil davomida har yili 200 million tup ko‘chat ekish va bu orqali 2030 yilgacha shaharlardagi yashil hududlarni 30 foizga yetkazish kabi ezgu maqsadlarni ko‘zlagan «Yashil makon» umummilliy loyihasining ahamiyatiga to‘xtaldi.

Xalqaro hamjamiyat e’tiboriga respublikaning yashil iqtisodiyot, yashil o‘sish, energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, MDH va Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Global yashil rivojlanish instituti (GGGI)ning vakolatxonasi haqida ma’lumot berildi.

Onlayn formatdagi ishtiroki davomida O‘zbekiston tomoni BMT tashkilotlari va ishtirokchi davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga doimo tayyorligini bildirdi hamda tadbir ishtirokchilarini BMT shafeligida Nukusda o‘tkaziladigan «Yashil iqtisodiyot» xalqaro forumida ishtirok etishga taklif etdi.

Sessiyada Markaziy Osiyo davlatlarining Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari, jumladan, Davlatlararo barqaror rivojlanish komissiyasi, «Yashil Markaziy Osiyo» tashabbusi kabi mintaqaviy loyihalar amalga oshirilayotgani qayd qilindi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirda 140 dan ortiq oliy darajadagi vakillar, davlat va hukumat rahbarlari, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari, kotibiyat va ekologiya konventsiyalari rahbarlari so‘zga chiqdi.

BMT Atrof-muhit assambleyasining 5-sessiyasi (UNEA-5.2)da plastik ifloslanishga qarshi rezolyutsiyasining ma’qullangani va pandemiyaning oldini olish uchun «Salomatlik uchun tabiat» ko‘p sheriklik trast fondi tashkil etilishining e’lon qilingani tarixiy voqea bo‘ldi.

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi

Davlat ekologiya qo‘mitasi

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources