Ozon - hayot uchun: texnik ayollarning salohiyatini ochib berish
15.
03. 2022
08:22
4905
News

Vagizova Elvira Musaevna — sovitish va havoni konditsionerlash sektori texnik xodimi. Kasbi bo'yicha - muhandis. Ayni paytda u savdo va texnik jihozlar hududi ustasi lavozimida ishlab kelmoqda. Elvira Musaevna va uning jamoasi sovitish uskunalarining to‘g‘ri ishlashi uchun ularga texnik xizmat ko‘rsatish, ta’mirlash, montaj qilish va ishga tushirish bilan shug‘ullanadi, shu orqali ozon qatlamini yemiruvchi moddalarning atmosferaga sizib chiqishining oldini oladi va Yerning ozon qatlamini himoya qilishda o’z hissasini qo’shib kelmoqda. 

Bu sohada ishlashingizga nima turtki bo'ldi? Qanday qilib bu kasbga kirib keldingiz?

Men matematikani juda yaxshi ko'rardim va bilardim, shuning uchun men texnik universitetni tanladim. 1983-1988-yillarda “Toshkent politexnika instituti”da oʻz mahorat va bilimimni oshirdim, kasbim boʻyicha muhandisman. Institutni tamomlagach, mutaxassislarni taqsimlash dasturiga asosan “Fizika – Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi qoshidagi o‘ta o‘tkazuvchan metallar laboratoriyasiga yuborildim. Ko'rinib turibdiki, ko'p narsa insonning xarakteriga bog'liq.

Men o'z o'rnimni egallayapmanmi, degan savol ko’p o'ylantira boshladi. Biroz ishlagandan so'ng, diagramma tuzish men xoxlagan ish emasligini anglab yettim.  

O'sha payitlari ko'plab zavodlar va sanoat ob'ektlari bor edi. Ular menda, asta-sekin, texnika, katta agregatlar va boshqasi qanday ishlashiga qiziqishimni uyg'ota boshladi. O‘shanda institutimiz bitiruvchilari allaqachon O‘zbekistondagi eng yirik korxona – “O‘zxladotorgmontaj” korxonasida ishlab, muzlatgich agregatlari, kompressorlar, elektr dvigatellari va boshqa ko‘plab mahsulotlarni ta’mirlab, yig‘ishar edi. Ular o'z ishlari haqida gapirganda, men ilhomlanib, nihoyat o'zim tasavvur qilgan karyeramga - sovitish va havoni konditsionerlash sohasiga borishga qaror qildim.

Ha albatta, ishga kirganimda, gapirganlar “o’zi qiz bola, yana oliy ma’lumotli bo’la turib, omborxonachi bo‘lib ishlaydi” degan, lekin bu texnik sohaga qiziqishim shu qadar kuchli ediki, na boshqa odamlarning fikri, na omborxonachi lavozimi meni to'xtata oldi.

Ba’lkim boshqa tomondan, bu ishning barcha mayda chuydalarini, masalan, hamma narsa qanday ishlashini tushunish va amalda o'zlashtirish uchun quyi lavozimlardan boshlash ham to’gridir.

“Texnik kasbi faqat erkaklarga mos” degan fikrga qanday qaraysiz?

Institutda o'qiganimda, bizning kursda qizlar ko'p edi, lekin o'qishni tugatgandan so'ng va bir necha yillardan keyin bu faoliyat sohasida o'z mutaxassisligi bo'yicha ishlagan atigi 2-3 nafar qiz qolgan edi. Biroq, o'qish paytida men bunday fikrni, ya’ni, ayollar texnik sohada ishlay olmaydi degan "stereotip"ni uchratmadim. Kim o'qishni xohlasai - har qanday kasbni o'rganishi mumkin edi. “O‘qishga kirishi, bitirishi va turmush qurishi lozim”, yoki “texnikani faqat erkaklar yaxshi biladi” kabi stereotiplar noto’g’ri deb o‘ylayman. Misol uchun, men biroz vaqt ishlaganimdan va barcha majburiyat va talablarni o'z vaqtida bajarganimdan so'ng, kasbdoshlar orasida men haqqimda, ya’ni, qiz bola bo'lib texnik sohadagi ishlarni qila olishimga hech qanday savollar qolmadi.

Shu sohada ishlashni xoxlayotgan ayollar va qizlarga maslahat bergan bo’lardimki, hech qo‘rqmasliklarini va o‘z o’rnini topish uchun harakat qilishini aytgan bo‘lardim.

Ishda qiyinchiliklar bo’lganmi? Bu sohada ishlashni davom ettirishingizga nima yordam berdi?

Vaqt o'tgan sari, bozor iqtisodiyotiga o'tish bilan korxona faoliyati pasaya boshladi. Mutaxassislar korxonani tark etib, o'zlarining kichik korxonalari, do'konlarini ochishdi. Zamon va yangi voqeliklarga hamnafas bo‘lib deganlaridek, 2001 yildan savdo va texnik jihozlar hududi ustasi bo‘lib ish boshladim. Bozorda raqobat kuchli bo‘lgani uchun bir vaqtning o‘zida shartnomalar tuzishdan tortib, saytlarga tashrif buyurish, xodimlarimning jihozlarni ishga tushirishini tekshirish kabi bir nechta vazifalarni bajarish qobiliyatini va epchillikni  talab qiladi. Bizning ishimizda juda ko'p vaziyatlar uchrashadi, ammo agar jamoa hamjihatlikda va o'zaro tushunishda ishlasa, erkaklar ham, ayollar ham bir butun bo’lib uyg'un harakat qilishlari mumkin. Ehtimol, bu fazilatlar tufayli biz hali ham birgalikda ishlashni davom ettirmoqdamiz, chunki mijozlar professional va sifatli ishni qadrlab, hali ham tajribali va malakali mutaxassislarga murojaat qilishadi.

Sovitish va havoni konditsionerlash uskunalari va texnologiyalari atrof-muhitga, ekologiyaga qanday ijobiy ta'sir ko'rsatadi va qaday qilib odamlarning turmush sharoitini yaxshilashi mumkin?

Atrof-muhitni muhofaza qilishda barchamiz ishtirok etishimiz mumkin. Masalan, ozon qatlamini buzuvchi gazlar borki, ular ozonni yemiruvchi moddalar deb ataladi, odatda ularni "freon" deb ham atashadi. Ular kundalik hayotda juda ko'p qo'llaniladi: ular muzlatgichlar va konditsionerlarda qo'llaniladi. Shuning uchun muzlatgichlar va konditsionerlarni muntazam ravishda diagnostika qilib turishimiz kerak, chunki ularning noto'g'ri ishlashi tufayli kimyoviy moddalar atmosferaga chiqadi. Bundan tashqari, muzlatgichlar yoki konditsionerlarni ta'mirlash kerak bo'lsa, avvalo sovutgichni (freonni) olib tashlash va uni qayta pompalash, shu bilan atmosferaga kimyoviy moddalar tarqalishini oldini olish uchun mutaxassisdan so'rashingiz kerak. Bundan tashqari, agarda muzlatgichni yoki konditsionerni ta'mirlash kerak bo'lsa, ustadan, gazni (freonni) tortib chiqarib olib, ta’mirlashni yakunlagach uni uskuna ichiga qayta quyishini so’rash kerak, shu bilan atmosferaga kimyoviy moddalar tarqalishi oldini olinadi. Shunda to'g'ri va atrof-muhit uchun xavfsiz bo'ladi. Bu nafaqat ozon qatlamini himoya qilishga, balki muzlatgich yoki konditsionerni yangidan gaz bilan to’ldirish harajatini tejashga yordam beradi.

Tan olish kerakki, butun dunyodagidek, O‘zbekistonda ham iqlim o‘zgarishining ta’siri tobora ortib bormoqda – so‘nggi bir necha yil ichida rekord darajadagi yuqori va uzoq davom etgan haroratlar kuzatilmoqda, shu bilan birga sovutgich va konditsioner uskunalariga talab ham doimiy ravishda ortib bormoqda. Binobarin, odamlarning salomatligi va hayoti uchun yanada qulay shart-sharoitlarni ta’minlovchi bunday maishiy texnika va texnologik jihozlar iste’molchilari uchun bu boradagi yuqori malakali texnik xodimlarga talab ortib bormoqda.

Shaxsiy ustuvorliklar va ish bilan band bo'lish o'rtasidagi muvozanatni qanday saqlaysiz?

Ishning bunday dinamikasida, rejalashtirish juda ham muhim, ya'ni haftaning, kunning jadvalini yozish kerak bo’ladi. Shuning uchun men deyarli har kuni reja tuzishga harakat qilaman va vaqtimni muvozanatlash uchun unga amal qilaman.

Qizlar va ayollarni bu sohaga qanday jalb qilish mumkin, ularga nima foyda keltirishi mumkin?

Nega bu sohada xotin-qizlar kam ishlayotganiga men ham hayron bo‘ldim. Ularni nima jalb qilishi mumkin? Ehtimol, "ish haqi, qiziqish, martaba o'sishi". Tajribadan shuni angladimki, eng muhimi texnika bilan ishlash istagi. Istak bo'lsa - qiziqish bo'ladi, eng muhimi, munosib daromadga ega bo'lgan muvaffaqiyatli karyera erishish mumkin. Qolaversa, O‘zbekistonda ochilgan “Ishga Marhamat” monomarkazlarida sovitish va havoni konditsionerlash sohasi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari ish boshlaganini eshitdim. Bu qizlarni ushbu sohadagi mehnatga ko‘proq jalb qilish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Useful resources