Zamonaviy planshetlar topshirildi
24.
09. 2022
15:31
3772
News

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʼmitasi tomonidan sohani raqamlashtirish yoʼnalishida ham muhim qadamlar qoʼyilmoqda. Bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida tizimda innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda samarali faoliyat yuritish imkoniyati yaratilayapti.

Mazkur jarayonda hududiy boshqarmalarni va davlat ekologiya inspektorlarini zamonaviy planshetlar bilan taʼminlash, ularning ishini tobora qulaylashtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 
Davlat ekologiya qoʼmitasi tomonidan navbatdagi 250 dona zamonaviy planshetlarni hududlardagi inspektorlarga topshirish tadbirida ham ayni jihatlar haqida soʼz bordi. 

Qoʼmita raisi N.Oblomuradov mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit masalasiga ustuvor vazifalardan biri sifatida eʼtibor qaratilayotgan bir paytda sohaning rivoji bevosita zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga ham bogʼliq ekanini taʼkidladi hamda Qoʼmita tomonidan amalga oshirilayotgan hozirgi koʼlami keng ishlar jarayonida tizimni raqamlashtirishga, xodimlarning ilgʼor texnologiyalar bilan faoliyat yuritishlariga diqqat-eʼtiborda ekanligini qayd etdi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʼrinbosari, Ekologik partiya fraktsiyasi rahbari Xayrulla Gʼafforov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Davlat ekologiya qoʼmitasi Jamoatchilik kengashi aʼzosi Kamol Jumaniyozov inspektorlarning zamonaviy planshetlar bilan taʼminlanishi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishda alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etib, Qoʼmitaning bu boradagi ishlari eʼtirofga loyiqligini taʼkidlashdi.

Tadbir davomida tashkil etilgan seminarda mutaxassislar tomonidan planshetlardan qay tartibda foydalanish va hududlarda samarali ish tashkil etish boʼyicha inspektorlarga hamda Qoʼmitada malaka oshirayotgan hududiy boshqarmalarning yosh xodimlariga zarur tavsiyalar, tushuntirishlar berildi. 

— Planshetlar oʼzining imkoniyatlari va qulayliklari bilan ajralib turadi, —deydi Davlat ekologiya qoʼmitasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʼyicha inspektsiyasi bosh muaxassisi Dilshodbek Xolmatov. — Voqea sodir boʼlgan joyning oʼzida huquqbuzarlikni yaratish va huquqbuzarlarga tegishli maʼmuriy qaror va jarima toʼlov varaqasini yuborish, noqulay sharoitlarda ishlash (togʼli va choʼl hududlarda elektron maʼmuriy ish hujjatlarini dastlabki variantlarini yaratish, offlayn ishlay olish), maʼmuriy ish hujjatlarini yaratish vaqtini qisqartirish va osonlashtirish, maʼmuriy bayonnoma tuzish paytidagi hududning geolokatsiya maʼlumotlarini saqlab qolish shular jumlasiga kiradi. Shuningdek, huquqbuzar va huquqbuzarlik holatlarini bevosita foto/video tasvirga olish, tabiatga yetkazilgan zarar miqdorini avtomatik hisoblab chiqarish, maʼmuriy jarima summalarining toʼlovi toʼgʼrisida xabardor qilib borish ham planshetlarning zamonaviy imkoniyatlari sirasiga kiradi.

 Darhaqiqat, mazkur innovatsion jihozlar onlayn tarzda tezkor harakat qilish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Endi inspektorlar shu planshetlardan foydalangan holda turli ekologik huquqbuzarliklarni oʼz vaqtida va joyida aniqlash, taʼsirchan choralarni koʼrish samaradorligini oshirishga xizmat qilishadi.

Davlat ekologiya qoʼmitasi Matbuot xizmati

Useful resources