Hamjihatlikda daraxtlarni qishning qahraton sovug‘idan asraylik
13.
01. 2023
09:38
2843
News

Shu kunlarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan kuchli qor yog‘ishi va past harorat, afsuski, ko‘kalamzorlashtirishga, ayniqsa, ignabargli daraxtlarning ayrim turlari va keng bargli daraxtlarning yosh ko‘chatlariga salbiy taʼsir ko‘rsatdi.
Tuproqning namlik bilan haddan tashqari to‘yinganligi, shuningdek, mo‘l-ko‘l qor massasi tufayli daraxtlar qattiq egilib, ularning aksariyati qulaganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Shaharlarimiz ko‘chalaridagi yashil maydonlar respublikamizning bebaho ekologik, rekreatsion va imidj boyligi ekanligini alohida taʼkidlamoqchiman.

Maʼlumki, minimal miqdordagi o‘simliklarga ega bo‘lgan urbanizatsiyalashgan muhit fuqarolarning jismoniy va ruhiy farovonligiga taʼsir ko‘rsatadi, charchoq, asab tizimining buzilishini keltirib chiqaradi, qariyalar, bolalar, homilador ayollarning sog‘lig‘iga jiddiy tahdid solishi mumkin va umuman, har bir insonning jismoniy holatiga salbiy taʼsir qiladi.

Orol fojiasi tufayli yana-da kuchaygan quruq, issiq iqlimimiz sharoitida har bir daraxt, har bir buta ekologik muvozanat va fuqarolar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega.

Shu bois, barcha hududlardagi masʼullarga shikastlangan daraxtlarga yordam berish, yaʼni har bir qulagan daraxtni asrab-avaylab, tiklash maqsadida tayanch tirgaklari o‘rnatishga doir topshiriq berildi.

Fursatdan foydalanib, qorli kunlarda daraxtlar taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz va tabiatni asrashga doir aksiyalar o‘tkazayotgan tashkilotlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Shuningdek, barcha fuqarolarimizni uylari yaqinidagi va mahallalaridagi qulagan daraxtlarni imkon doirasida tiklashga chaqiramiz. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida mavjud qushlarga g‘amxo‘rlik qilish, ularga don ulashish va uyalar qurishga chorlab qolamiz.

Shu yo‘l bilan biz tabiat resurslarimizni asrab, shaharlarimizni yana-da obod bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov              

Useful resources