Shu kunlarda mamlakatimizda davom etayotgan qishning anomal sovuq sharoitida qalin yog‘gan qor daraxtlarga ham zarar yetkazdi. Ayni shu sharoitda o‘simliklar va hayvonot olamiga yetadigan zararlarning oldini olish maqsadida Tabiat resurslari vazirligi tomonidan soha mutaxassislari va olimlardan iborat ishchi guruhlari tuzilib, ular tomonidan joylarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha kerakli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Tabiat resurslari vazirining o‘rinbosari N.Oblomuradov va ishchi guruhi aʼzolari poytaxtimizning Yunusobod tumanida bo‘lib, qalin qor yog‘ishi natijasida talofat ko’rgan daraxtlarning holati bilan tanishishdi.
Qalin qor yog‘ishi va anomal sovuq sababli daraxt shoxlari muzlashi oqibatida ushbu tuman hududidagi daraxtlarga ham zarar yetgan. Vazir o‘rinbosari zararlangan daraxtlarni saqlab qolish ishlarini tajribali olim va mutaxassislar tavsiyasi asosida tashkil etish, bu borada qilinishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida to‘g‘ri amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berib, tabiatni muhofaza qilish, xususan, daraxtlarni saqlab qolish hamda qalin qor yog‘gan holatlarda daraxtlarni qordan tozalash ishlarida barcha faol bo‘lishi lozimligini taʼkidladi.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati