Bugun poytaxtimizda Tabiat resurslari vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Yashil makon" umummilliy loyihasini tadbiq etishni qoʻllab-quvvatlash uchun innovatsion moliyaviy yechimlar va bosh rejani ishlab chiqish” loyihasi doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan maslahat seminari tashkil etildi.
Tabiat resurslari vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqon instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro seminarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq tashkiliy va institutsional masalalar, shuningdek, aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida xalqaro ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan bosh rejaga oid ilmiy va texnik-iqtisodiy dastlabki xulosalar, innovatsion moliyaviy yechim va tavsiyalar muhokama qilindi.
“Yashil makon” tashabbusini samarali amalga oshirish uchun oʻz vaqtida amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq chora-tadbirlar va loyihaning keyingi bosqichlari borasida ham fikrlar almashildi.
Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatida yangi tashkil qilinayotgan umumiy maydoni 100 gektar boʻlgan (Termiz shahar, Termiz, Jarqoʻrgʻon va Sherobod tumanlarida) yashil belbogʻ, yashil bogʻ, yashil jamoat parklarida mahalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib, ilmiy asoslangan holda ekilgan koʻchatlar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar taqdim qilinib, ushbu jarayonda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan jihatlar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Seminarda Tabiat resurslari vaziri oʻrinbosari J. Kazbekov ishtirok etdi.
Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati