Bugun Toshkent shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumiga start berildi.
01.
03. 2023
13:07
3616
News

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi, Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi hamkorligida tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov ham ishtirok etib, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi hozirda keng quloch yozib, umummilliy harakatga aylanganini taʼkidladi. 

Shuni alohida qayd etish oʻrinliki, joriy bahorgi mavsumda ham ushbu loyiha doirasidagi ishlarni yanada izchil davom ettirgan holda manzarali va mevali daraxt koʻchatlarini, butalarni ekib, yurtimizda yashil hududlarni yanada koʻpaytirish maqsad qilingan. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 8-fevral kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2023-yilda Toshkent shahrining yashillik darajasini 28 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shu maqsadda 100 gektar maydonda yangi bogʻ tashkil qilinadi. 

“Toshkent yashil belbogʻi” loyihasi boshlanib, bahor mavsumida 525 ming tup daraxt va butalar, 20 million tup gul koʻchatlari ekiladi.

Albatta, bu vazifalarni amalga oshirish Tabiat resurslari vazirligi va vazirlikning Toshkent shahar boshqarmasi jamoasidan ham katta masʼuliyat talab etadi. 

Atrof-muhit musaffoligini taʼminlashda daraxtlarning oʻrni juda katta boʻlib, fotosintez jarayonida daraxtlar  ajratadigan kislorod toza havodan nafas olishimizni taʼminlab beradi. Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, daraxt ekish har birimiznin burchimizga, keng jamoatchilikning vazifasiga aylanishi lozim.

Tadbirda shundan kelib chiqqan holda oʻtgan yillar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida toʻplangan tajriba asosida joriy mavsumda Toshkent shahrida daraxt koʻchatlarini oʻtqazish tadbirlari haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, poytaxt iqlimiga mos koʻchatlarni tanlab, ularni parvarishlash, sugʻorish tizimini yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.  

Tadbirda manzarali, mevali daraxtlar va buta koʻchatlari, gullar hamda oʻsimliklar parvarishi uchun muhim boʻlgan mineral va organik ozuqalar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Tadbir doirasida boʻlib oʻtgan koʻchat ekish aksiyasida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduxakimov yaxshi niyat bilan daraxt koʻchati oʻtqazdi.  

Bugunning oʻzida poytaxtimizning barcha hududlarida nihollarni ekish jarayoni boshlandi.

Tabiat resusrlari vazirligi axborot xizmati

Useful resources