Kovrak uchun 3 yilga moratoriy joriy etildi
14.
03. 2023
18:23
4240
News

Mutaxassislarning fikriga koʻra, bugungi kunda kovrak oʻsimligi eksportbop va yuqori qiymatga ega hisoblanadi. Ammo keyingi yillarda nazoratsiz, rejasiz va notoʻgʻri foydalanilayotgani tufayli bu dorivor oʻsimlikning tabiiy tarqalgan maydonlari borgan sari qisqarayotgani kuzatilmoqda. Bugun ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham kovrakka boʻlgan talab oshib borayotgani bu jarayonda asosiy omil boʻlmoqda. Raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, yurtimizda 2015-yilda 54 ming gektar yer maydonida kovrak oʻsgan boʻlsa, hozirda bu maydon 13,5 ming gektarga qisqargan.

Hozirgi kunda respublikamizda yovvoyi holda oʻsuvchi kovrakning tabiiy zaxiralarini saqlab qolish, ularning tiklanishini taʼminlash, kovrakning madaniy plantatsiyalarini yaratish muhim ahamiyatga ega. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-24-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Tojik kovragi (Ferula tadshikorum Pimenov) oʻsimligini muhofaza qilish va uni tabiiy populyatsiyasini taʼminlash maqsadida mazkur oʻsimlikdan foydalanishga 2023-yildan boshlab 3 yilga moratoriy joriy etildi.

Shuningdek, Farmon bilan oʻsimlik dunyosi obyektlaridan noqonuniy foydalanish natijasida yetkazilgan zarar miqdorini hisoblashda:

sassiq kovrak (Ferula assa-foetida) oʻsimligining har bir kilogramm shirasi (smola), urugʻi va har bitta tupi uchun yetkazilgan zararni hisoblash mikdori bazaviy hisoblash miqdorining 1 koeffitsiyenti;

Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kovragi (Ferula tadshikorum Pimenov) oʻsimligining har bir kilogramm shirasi (smola), urugʻi va har bitta tupi uchun yetkazilgan zararni hisoblash miqdori esa bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 koeffitsiyenti etib yoki 10 baravar oshirildi.

Shu bilan birga, uch oy muddatda yaylov yer maydonlarida tashkil etilgan kovrak oʻsimligining madaniy plantatsiyalari xatlovdan oʻtkaziladi.

Maʼlumotlarga koʻra, dunyo miqyosida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining taxminan 50 foizi dorivor oʻsimliklardan tayyorlanadi. Mamlakatimizda ham dorivor oʻsimliklarni, shu jumladan, kavrakni yetishtirish, qayta ishlash qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratishda katta oʻrin tutadi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu hujjat respublikamizdagi yovvoyi holda oʻsuvchi kovrak oʻsimligining tabiiy zaxiralaridan oqilona foydalanilishini va ularning tiklanishini taʼminlashga, kovrakni sanoat usulida qayta ishlash hamda tayyor mahsulot sifatida eksport qilish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. Tabiat resurslari vazirligi ham Farmon ijrosidan kelib chiqib, kovrakni asrab-avaylash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqib, doimiy monitoring nazorat ishlarini olib boradi. 

Adham Qurbonov,
Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya va atrof–muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat boʻyicha inspeksiya boshligʻi

Useful resources