Hashar ozodalik, saranjomlik, ahillik va yaratuvchanlik ramzidir!
18.
03. 2023
18:06
3309
News

Bugun mamlakatimiz boʼylab “Obod va fayzli mahalla – yurt koʼrki” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan umumxalq xayriya hashari doirasida Tabiat resurslari vazirligi tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Galavasoy mahalla fuqarolar yig‘ini tog‘ oldi hududida daraxt ko‘chatlari ekish aksiyasi tashkil etildi. 

Maʼlumot o‘rnida aytish joizki, Bo‘stonliq tumanining tog‘ oldi hududlarida vazirlik va idoralar uchun so‘lim bog‘ maskanlarini tashkil etish maqsadida 1660 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad 
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tog‘ yon bag‘irlarida yashil maydonlar hududini yanada kengaytirishdan iborat. 

Tumanning Galavasoy mahalla fuqarolar yig‘ini tog‘ oldi hududida tashkil etilgan daraxt ko‘chatlari ekish aksiyasida Tabiat resurslari vazirligi, vazirlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi hamda vazirlikning tizim tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 580 nafar xodimlar ishtirok etishdi. 

Tom maʼnoda xalqimizga xos hashar sifatida o‘tkazilgan aksiya davomida Galavasoy mahalla fuqarolar yig‘ini tog‘ oldi hududidagi 10 gektar maydonga jami 6500 tup, shundan 250 tup qrim qarag‘ayi va 6250 tup bodom ko‘chatlari ekildi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Galavasoy mahallasi tog‘ oldi hududiga ekilayotgan qrim qarag‘ayi va bodom ko‘chatlari aynan tog‘li lalmikor yerlar iqlimiga mos daraxt turlari hisoblanadi. Suvsizlikka chidamli daraxt turlarini ekish jarayonida namlikni uzoq vaqt saqlash maqsadida ularning tag qismida tog‘ qiyaliklariga moslab ariqchalar qazib ketilmoqda. Аlbatta, bu choralar bahorning seryog‘in kunlarida daraxt ko‘chatlarining baravj o‘sib rivojlanishida muhim hisoblanadi. 

Mazkur daraxt ko‘chatlari ekish tadbirida Tabiat resurslari vaziri o‘rinbosari N. Oblomuradov ishtirok etdi va yaxshi niyat bilan daraxt ko‘chati o‘tqazdi. 

Tabiat resurslari vazirligi axborot xizmati

Useful resources