Toshkentda bo‘lib o‘tgan ploggingda 300 kilodan ortiq plastik chiqindi yig‘ildi
06.
06. 2023
11:27
2542
News

2023-yil 4-iyun kuni Toshkentdagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy Ekoparkda plogging bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot uchun, plogging — bu ekologik harakat bo'lib, unda ishtirokchilar ma'lum masofani yugurib yoki yurib bosib o'tadilar va shu bilan birga chiqindi yig'adilar.

Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “Sanfa”, “Coca Cola” kompaniyalari hamda Sanoat-qurilish bank hamkorligida 5-iyun — Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlab o‘tkazildi. 

Ma’lumot o‘rnida 2009-yilda tashkil etilgan “Sanfa” kompaniyasi O‘zbekistonda polimer materiallardan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri bo‘lib, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida plastmassadan qayta foydalanishga alohida e’tibor qaratmoqda.

 “Plastik ifloslanishga qarshi kurash” shiori ilgari surilgan ploggingdan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilik e’tiborini atrof-muhitning plastmassa bilan ifloslanishi muammosiga qaratishdir.

Plogging davomida ishtirokchilar kun davomida 1000 km dan ortiq masofani yugurib bosib o‘tishdi va jami 300 kg 513 g plastik chiqindi yig‘ishdi. Eng ko‘p chiqindi yig‘ganlar munosib taqdirlandi. 



G‘oliblar ro‘yxati quyidagicha:

1-o‘rin — Muxlisa Yoqubova (40 kg 900 g; 34 km — 9 soat 56 min);
2-o‘rin — Suxrob Ro'zaliyev (22 kg 600 g; 12.02 — 2 soat 31 min);
3-o‘rin — Maqsad Xolmurodova (18 kg 500 g; 13.59 — 5 soat 09 min).

G‘oliblar tadbir hamkori bo‘lgan SQBning pul sertifikatlari bilan taqdirlandilar. 1-o‘ringa 3 000 000, 2-o‘ringa 2 000 000, 3-o‘ringa esa 1 000 000 so‘m pul mukofoti topshirildi.



Shu bilan birga, "Eng katta to‘plam" nominatsiyasida o‘quvchilari 56 kg plastmassa yig‘gan NEWTONE maktabi g'olib bo'ldi. Shuningdek, plastmassa yig‘ib, Markaziy ekoparkda joylashgan yigʻish punktiga topshirgan barcha ishtirokchiga kepka, shopper va futbolka berildi.

Ta’kidlash joizki, plogging tadbirlari birgalikda sayyoramiz uchun toza va sog'lom kelajak sari kichik, ammo muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, “Sanfa” kompaniyasi yig‘ilgan plastmassadan Qoraqalpogʻistonda yovvoyi hayvonlarni sugʻorish uchun geomembran ishlab chiqaradi. Ushbu materialdan yovvoyi hayvonlarni toza suv bilan ta’minlaydigan maxsus suv omborlari quriladi. Bu suv omborlari 17-iyun kuni nishonlanadigan Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, “Coca-Cola” va “Sanfa” kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Qoraqalpog‘istondagi qo‘riqxonalardan biriga o‘rnatiladi.

Useful resources