Yer usti metrosi qurilishida daraxtlarni koʻchirib oʻtkazish masalasiga oid jamoatchilik eshituvi boʻlib oʻtdi
17.
06. 2023
01:47
2932
News

15-iyun kuni Toshkent shahri, Yangihayot tumani, “Qipchoq” koʻchasida qurilayotgan yer usti metrosining 14-bekati hududida jamoatchilik eshituvi boʻlib oʻtdi. Maqsad ushbu qurilishning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratildi.

Ma’lumki, bugungi kunda Sergeli va Yangihayot tumanlari hududidagi yer usti halqa metro liniyalari qurilish ishlarining 2-bosqichi amalga oshirilmoqda. Qurilish ostiga umumiy miqdorda 17 ta daraxt tushgan. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ kapital qurilish direksiyasi bu daraxtlarni saqlab qolish va qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa joyga koʻchirib oʻtqazish maqsadida vakolatli organ – Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Toshkent shahar boshqarmasiga murojaat qilgan. 

Murojaatni oʻrganish jarayonida qurilish ostiga shumtol, chinor, yongʻoq kabi daraxtlar tushgani aniqlandi. Ularni koʻchirish mumkin yoki mumkin emasligini aniqlash maqsadida bu ishga ekologlar, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi mutaxassis va olimlari jalb etildi. 

Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga muvofiq, agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda har bir koʻchirilgan daraxt oʻrniga metroning obodonlashtirish qismiga 10 tup koʻchat (qimmatligi jihatidan kam boʻlmagan) ekish hamda ularni ikki yil davomida parvarish qilish boʻyicha koʻrsatma berildi. Koʻchirib oʻtqazilgan daraxtlar qurib qolgan taqdirda har bir qurigan daraxt oʻrniga qiymati kam boʻlmagan 100 tup daraxt koʻchatini ekish va uch yil davomida parvarish qilish, shu bilan birga, yetkazilgan zararni qoplash shartlari qoʻyildi. 

Tadbirda qurilish kechayotgan hududga tutash manzilda yashovchi mahalliy aholi, ekofaollar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Ekologiya vazirining birinchi oʻrinbosari Obidjon Qudratov, Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inogʻomov soʻzga chiqishdi. Shundan soʻng “Max Processing” MCHJ vakili Tatyana Yugay “Daraxtlarni koʻchirib oʻtqazish metodikasi” mavzusida taqdimot qildi. 

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ kapital qurilish direksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Aziz Abdiyev metro liniyalari qurilishining ijtimoiy ahamiyati va loyiha haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ma’lumotlariga koʻra, metro yoʻlining ishga tushishi natijasida Qoʻyliq-Sergeli yoʻnalishida kunlik harakatlanayotgan avtomobillar soni 32 mingtaga qisqaradi. Avtomobilda yoqilgʻi sarfi 38,5 ming litrga kamayadi. Muhimi, atrof-muhitga avtomobil transportidan ajraladigan zararli gazlar kunlik 3,7 tonnaga kamayadi. Yoʻlovchilarning ushbu yoʻnalish boʻyicha manzilga yetib olish vaqti 30 daqiqaga tejaladi. Toshkent halqa avtomobil yoʻlining “Qoʻyliq-Sergeli” yoʻnalishida yoʻlovchi transport oqimi 12 foizga kamayadi. 

Aholi infratuzilmaviy qulayliklarni inobatga olib, daraxtlarni Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, “Sergeli" mahallasiga ko'chirib o'tkazishga rozi bo'ldi. Shuningdek, “Qipchoq” koʻchasida qurilayotgan yer usti metrosi hududida ham yashil hudud barpo qilinadi.

Useful resources