Dunyoda har 4 kishidan 1 nafari toza ichimlik suvidan mahrum — BMT
27.
06. 2023
14:07
2065
News

BMTning yangi hisobotida aytilishicha, dunyo aholisining 26 foizi toza ichimlik suviga, 46 foizi esa oddiy sanitariya sharoitlariga ega emas.

Hisobotga ko'ra, so'nggi 40 yilda suvdan foydalanish global miqyosda yiliga qariyb 1 foizga oshib bormoqda. Aholi sonining o'sishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va iste'mol shakllarining o'zgarishi bilan bog‘liq holda 2050-yilgacha xuddi shunday o‘sish kutilmoqda. 

Hisobot tahlilchisi Richard Konnorning ta’kidlashicha, iqtisodi, sanoati rivojlangan va rivojlanayotgan hududlarda suvga talab yanada oshmoqda.

“Dunyo qishloq xoʻjaligi uchun jami suvning 70 foizi sarflanadi, — dedi Konnor, – suvni asrash uchun ekinlarni sug‘orishning tomchilatish usuli kabi tejamkor usullaridan foydalanish lozim. Bu suvni shaharlarga yetkazib berish imkonini yaratadi”.

Shuningdek, hisobotda iqlim o'zgarishi natijasida mavsumiy suv tanqisligi Markaziy Afrika, Sharqiy Osiyo va Janubiy Amerikaning ba'zi qismlarida yanada kuchayishi qayd etilgan.

UNESCO’ning ta’kidlashicha, jahon aholisining 10 foizi suv tanqisligi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashaydi. 3,5 milliardgacha odam yiliga kamida bir oy ichimlik suviga juda muhtoj bo‘ladi.

“Dunyo miqyosida chiqindi suvlarning 80 foizi hech qanday tozalashsiz atrof-muhitga chiqariladi, – dedi Konnor, – ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlarda bu deyarli 99 foizni tashkil qiladi”.

Yuqoridagi raqamlar ko‘rsatib turibdiki, bugungi kunda ichimlik suvini asrash eng dolzarb masalaga aylangan. Shunday ekan, suvni tejab, qurg‘oqchilik muammosi yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim.

Useful resources