Jamoatchilik eshituvi: tog‘-metallurgiya majmuasini qurish loyihasi muhokama qilindi
11.
07. 2023
15:26
2974
News

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanidagi "Tebinbuloq" koni hududida tog‘-metallurgiya majmuasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.

Tadbir Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Atrof muhitga ta’sirni baholash loyihalarini jamoatchilik eshituvlaridan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom asosida oʻtkazildi.

Jamoatchilik muhokamasida 100 nafarga yaqin mahalliy aholi, tuman hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari, shuningdek, boshqa mutaxassis-ekspertlar hamda mustaqil jurnalistlar ishtirok etdilar.

Eshituv davomida qatnashchilarga loyihaning yaqin atrofda yashovchi aholi salomatligi hamda atrof-muhitga ehtimoliy taʼsirlari, ularning oldini olish chora-tadbirlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, loyihaning maqsadi va aholi qatlamlari uchun iqtisodiy jihatdan foydali tomonlari haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ayniqsa,  mahalliy aholi tomonidan yoshlarni ish bilan taʼminlash va kasbiy qayta tayyorlash masalasi kabi dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Bu borada loyiha tashkilotchilari tomonidan  “Tebinbuloq” KMKda 5000 dan ortiq ish o‘rinlari yaratilishi hamda mahalliy kasbiy mahoratiga qarab aholiga ustunlik berilishi taʼkidlandi.

Muhokamasi natijalariga koʻra, mazkur loyihani koʻrib chiqilayotgan hududda amalga oshirish mumkinligi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Ma'lumot uchun, loyihadan maqsad mahalliy metallurgiya korxonalari va aholi ehtiyojlarini qondirish, eksport salohiyatini oshirish va importni qisqartirish maqsadida "Tebinbuloq" titan-magnetit rudasi koni negizida mahalliy xomashyodan foydalangan holda zamonaviy poʻlat quyish ishlab chiqarishini tashkil etishdir.



Useful resources