Qashqadaryoda fuqaro 9 ta Boʻz echkiemar va 5 ta Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasini noqonuniy saqlab kelayotganligi aniqlandi
13.
07. 2023
13:55
3314
News

Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida Nishon tumanida reyd tadbiri oʻtkazildi.

Balxiyak MFYda oʻtkazilgan reyd davomida fuqaro A. Q. oʻz xonadonida 9 ta Boʻz echkiemar hamda 5 ta Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasini noqonuniy saqlab kelayotgani aniqlandi. Afsuski, toshbaqalardan biri nobud boʻlgan. 

Ma’lumot uchun, Boʻz echkiemar va Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqasi Oʻzbekiston Qizil kitobi hamda CITES Konvensiyasi (yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiya) ga kiritilgan. 

Bundan tashqari, A. Q. 2 ta koʻlvor ilonni oʻldirib, hovlisiga osib qoʻyganligi ham ma’lum boʻldi.

Huquqbuzardan Boʻz echkiemarlar, Oʻrta Osiyo choʻl toshbaqalari hamda koʻlvor ilonlar olib qoʻyildi. Echkiemarlar va ilonlar yashash muhitiga mos boʻlgan Nishon tumanidagi choʻl hududlariga qoʻyib yuborildi.

Oʻrganish davomida A.Q. hayvonot dunyosiga 51 480 000 soʻm miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi. 

Ayni damda yuqoridagi holatlar boʻyicha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Useful resources