Tojikiston bilan mintaqada qulay ekologik vaziyatni ta’minlash borasidagi hamkorlik kuchaytiriladi
29.
03. 2024
22:39
7984
News

29-mart kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Tojikiston Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Rahmonzoda o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish, sog‘lom va xavfsiz atrof-muhitni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, ekologik ta’limni rivojlantirish va madaniyat, xalqaro tajribani hisobga olgan holda institutsional va kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga e'tibor qaratildi.

O‘z navbatida Tojikiston Respublikasining O‘zbekiston hukumati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi yuqori baholandi.

Shuningdek, uchrashuv davomida yurtimizda 2018-yildan buyon Orol dengizi tubida daraxt ekish dasturi amalga oshirilayotgani, bugungi kunga qadar qariyb 2 million gektar maydonda ishlar olib borilgani ta'kidlandi. Qolaversa, “Yashil makon” umummilliy tashabbusi doirasida yashil maydonlar hajmini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgani, joriy yilning bahorgi mavsumida 125 million tup ko‘chat ekish belgilanganligi qayd etildi.

Uchrashuvda transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar yaratish, xalqaro ekologik tashkilotlarga yangi hamkorlikdagi grant loyihalarni taklif qilish, bioxilma-xillik, ko‘chib yuruvchi hayvon turlarini muhofaza qilish, chiqindilarni qayta ishlash, shuningdek, turizmni rivojlantirish hamda gidrometeorologiya sohalarida tajriba va ma’lumot almashish bo‘yicha fikr almashildi hamda muhim kelishuvlarga erishildi.

Yakunda mintaqada qulay ekologik vaziyatni ta’minlashda yanada faol hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Useful resources