Jizzaxdagi “Navro’z” bog’ida 5000 ta shar uchirilishi holatiga chek qo’yildi!
30.
06. 2024
12:58
3849
News

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatidagi Navro’z bog’ida 5000 ta shar uchirilishi haqida e’lon tarqaldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyida bo’lib, holat yuzasidan o’rganish ishlarini olib bordi. O’rganish davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi va holatga chek qo’yildi.

 

Ta’kidlash joizki, vazirlik tomonidan plastik o’yinchoqlar, sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan to’ldirishga sabab bo’ladigan boshqa shu kabi tadbirlar doimiy tarzda qoralab kelinmoqda. Vazirlik tomonidan bu kabi holatlar taqiqlanganligi va javobgarlikka sabab bo’lishi qayta-qayta ta’kidlanmoqda.

 

Xususan, avvalroq “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida 10 000 ta plastik oʻrdakchalar tushirilmoqchi ekanligi xabarlar tarqalgandi. Vazirlik bu holat yuzasidan keskin munosabat bildirdi. Natijada bu tadbir bekor qilindi.

 

Diqqat!

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-iyundagi “Ommaviy tadbirlarni o’tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo’yicha talablarni kuchaytirish to’g’risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko’ra, ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovar moddiy boyliklarini bepul tarqatish yoki haddan tashqari arzon narxlarda sotish orqali jalb qilish taqiqlandi.

 

Ommaviy tadbirlarni o’tkazish qoidalariga amal qilmagan tadbir tashkilotchilari O’zbekiston Respublikasi MJtKga ko’ra javobgarlikka sabab bo’ladi.

Ammo, ming afsuski, ekologiya va aholi salomatligi haqida umuman qayg’urmaydigan ayrim tadbirkorlar, ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan shar uchirish kabi tadbirlar o’tkazilishi uchrab turibdi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi tomonidan turli chora-tadbirlar ko’rilmoqda. Xususan, sharlarni O’zbekistonga olib kirish uchun bojxona to’lovlarini 10 baravarga oshirish, yurtimizda shar uchirish kabi tadbirlarni o’tkazmoqchi bo’lganlarga utilizatsiya talabini qo’yish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklif qilinmoqda.

Ekologiya vazirligi bu kabi holatlarga chek qo’yish maqsadida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tarafdori. Shuning uchun ekologiyaga befarq bo’lmagan yurtdoshlarimizni plastik o’yinchoqlar, sharlar uchirish kabi tadbirlarga yo’l qo’ymaslik, bunday tadbirlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz.

. 

Useful resources