Toshkent viloyatining ma’muriy markazida daraxt kesilish holati aniqlandi va hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi
15.
07. 2020
10:57
6076
News

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoniga binoan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan. Shunga qaramay joylarda noqonuniy daraxt kesilish holatlari sodir bo‘lmoqda.

Joriy yilning 6 iyul kuni Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan olib borilgan tezkor reyd davomida Toshkent viloyati Nurafshon shahri «Qorasuv» MFY, Toshkent yo‘li ko‘chasi, 4R–2 avtomobil yo‘lining To‘ytepa tekstil fabrikasigacha bo‘lgan masofada joylashgan jami 37 tup har xil turdagi manzarali daraxtlar kesilganlik holati aniqlangan.

Aniqlangan holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 37, 45–moddalari talablari buzilgan, yo‘l qo‘yilgan holat bo‘yicha o‘simlik dunyosiga 1 102 400 500 (bir milliard bir yuz ikki million to‘rt yuz ming besh yuz) so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish hamda yetkazilgan zararni undirish maqsadida to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga yuborildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


Useful resources