Jizzax viloyati. Daraxtlar mehrdan suv ichdi
03.
08. 2020
16:12
6028
News

Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida «Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» doirasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirildi.

Har yili turli aktsiyalar, tashabbuslar doirasida ko‘kalamzorlashtirish, daraxt o‘tqazish tadbirlari o‘tkaziladi. Jumladan, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi «Meros» jamoat fondi bilan birgalikda tashkil etilgan «Yashil Vatanim» aktsiyasida Jizzax viloyatida qariyib 5 ming tup daraxt ko‘chati o‘tqazilgan edi.

Ushbu ezgu ishning davomi sifatida joriy yilning 28 iyul – 2 avgust kunlari «Daraxtlarni sug‘orish haftaligi» o‘tkazildi. Aktsiya doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi va Yoshlar Ittifoqi faollari ekovolontyorlari bilan birgalikda Jizzax «O‘rda» ekologik bog‘ining qariyib 6 gektar maydoniga ekilgan manzarali daraxt ko‘chatlari obi-hayot bilan sug‘orilib, bog‘dagi gul va maysalar ham parvarishlandi. Ekohasharda, karantin qoidalariga rioya qilgan holda Jizzax shahar obodonlashtirish departamentining texnika vositalari va ishchi xodimlari ham sug‘orish tadbirlarida faol ishtirok etdi.

Shuningdek, shahar ko‘chalari yoqalari va Mustaqillik maydoni, «Yoshlar» bog‘idagi daraxtlar va manzarali gullar ham obi hayot bilan to‘yintirildi.

Ayniqsa, haftalik doirasida Forish tumanining cho‘l va adirliklardan iborat hududining Tutak qishlog‘idagi 16 gektarlik «Ekologik bog‘»da bajarilgan ishlar keyingi yillarda ko‘kalamzorlashtirish, bog‘-rog‘lar barpo etishga kuchaytirilgan e’tiborning, odamlarning tabiatga mehrining ifodasi bo‘ldi.

«Meros» jamg‘armasi viloyat bo‘limi, tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektsiyasi tuman hokimligi hamkorligida tashkil etgan aktsiya doirasida ushbu bog‘da ekologik hashar tashkil etildi. Mahalla ahli, yoshlar, nuroniylar faol ishtirokida o‘tkazilgan ekohasharda bog‘dagi sug‘orish ariqlarini, egatlarini tartibga solish, daraxtlarni sug‘orish, parvarishlash ishlari bajarildi.

– Ekobog‘da odamlarning tabiatga bo‘lgan mehri ifodasi sifatida 1 ming 500 tup har xil turdagi daraxt ko‘chatlari o‘sayotir, – deydi tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektsiyasi boshlig‘i Qobil Hidirov. – Haftalik davomida tuman tabiat ishqibozlari tomonidan har bir daraxtni to‘g‘ri o‘stirish, doimiy suv bilan ta’minlash, kasalliklardan asrash uchun zarur agrotexnik tadbirlar bajarildi.

Aktsiya doirasida bunday xayrli ishlar boshqa tumanlarda ham amalga oshirildi.

Har yili davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan turli aktsiyalar, loyihalar doirasida juda ko‘plab daraxt ko‘chatlari ekiladi. Ammo keyin parvarishlanmasligi, sug‘orilmasligi natijasida ko‘chatlarning ko‘p qismi voyaga yetmasdan nobud bo‘ladi.

Mazkur aktsiya ana shu muammolarga odamlarning e’tiborini qaratish, daraxtlarni to‘g‘ri parvarish qilish bo‘yicha habardorligini oshirish bilan birga bu ishlarni bajarishda ham katta amaliy ahamiyatga ega tadbir bo‘ldi.

T. BEKNAZAROV, O‘zA

Manba: http://uza.uz/oz/society/darakhtlar-me-rdan-suv- ....

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources