Agar ijodiy yondashgan holda videorolik tayyorlash, maqola yoki she’r yozish qobiliyatiga ega bo‘lsangiz, bu tanlov aynan Siz uchun!
16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni munosabati bilan Davlat ekologiya qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Ixtirochi ayollar markazi, GEF hamda BMT Taraqqiyot Dasturi «OZON – HAYOT UCHUN!» mavzuida 2020 yil avgust-sentyabr oylarida ijodiy ishlar onlayn tanlovini e’lon qiladi.
Tanlov 3 ta nominatsiya bo‘yicha quyidagi talablar asosida o‘tkaziladi:
– «Eng yaxshi videorolik» nominatsiyasi
Tanlovga ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilish, uning ahamiyati va yemirilishi oqibatlari haqida tayyorlangan videoroliklar qabul qilinadi. Ishtirokchi tomonidan davomiyligi 3 daqiqagacha bo‘lgan videorolik tayyorlanib, #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook, Instagram hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi va @ozonqatlami_bot telegramm-botiga belgilangan tartibda yuborilishi kerak. Videorolikni baholashda syujetning o‘ziga xosligi, kreativ yondashuv, yangicha qarashlar va g‘oyalar e’tiborga olinadi. Tanlov barcha ishtirokchilar uchun ochiq.
– «Eng yaxshi maqola» nominatsiyasi
Tanlovga jurnalistlar tomonidan chop etilgan, ozon qatlamining ahamiyati, yemirilish oqibatlari hamda ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilishga bag‘ishlab «Ozon – hayot uchun!» rukni ostida yozilgan maqolalar qabul qilinadi. Tanlovga topshiriladigan maqolalar (o‘zbek, qoraqalpoq, rus yoki ingliz tillarida) bosma OAV yoki OAV sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan internet nashrlarda chop etilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek tayyorlangan maqola #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi lozim. Maqola chiqqan OAVni PDF yoki skaner holatda hamda internet nashrda chop etilgan maqolaning havolasi @ozonqatlami_bot telegramm-botiga belgilangan tartibda yuborilishi kerak.
– Eng yaxshi she’r nominatsiyasi
Tanlovga ozon qatlamining ahamiyati, yemirilish oqibatlari hamda ona tabiatni, xususan, ozon qatlamini himoya qilishga bag‘ishlab (o‘zbek, qoraqalpoq, rus yoki ingliz tillarida) yozilgan she’rlar qabul qilinadi. She’rni baholash mezonida g‘oyasining yuqoriligi va mazmunining teranligi, badiiyligie’tibor beriladi. Tanlovga topshiriladigan she’r bosma OAV yoki OAV sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan internet nashrlarda chop etilgan bo‘lishi kerak. Shuningdek tayyorlangan she’r #ozon_qatlami_va_men, #ozon_hayot_uchun yoki #mening_oilam_va_ozon_qatlami xeshteglari ostida Facebook hamda boshqa ijtimoiy sahifalarga joylashtirilishi lozim. She’r e’lon qilgan OAVni PDF yoki skaner holatda hamda internet nashrda chop etilgan she’rning havolasi @ozonqatlami_bot telegramm-botiga belgilangan tartibda yuborilishi kerak. Tanlov barcha ishtirokchilar uchun ochiq.
TANLOVGA ISh TOPShIRISh MUDDATI: 2020 yil 3 avgustdan 5 sentyabr soat 18:00 gacha.
– «Eng yaxshi videorolik» uchun avi, mp4 yoki mpeg formatdagi videorolik;
– «Eng yaxshi maqola» va «Eng yaxshi she’r» uchun PDF formatdagi nusxasi yoki OAVda chop etilgan maqola yoki she’rning skanerdan o‘tgan PDF formatdagi nusxasi.
– Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan tanlov materialga havolalar.
Tanlovda ishtirok etish uchun faqat ozon qatlamini himoya qilishga bag‘ishlangan ishlar qabul qilinadi. Tanlovga har bir ishtirokchidan faqat bitta ish qabul qilinadi.
Mualliflik huquqlarini berish: Tanlovga ishini yuborgan ishtirokchi mualliflik huquqini tashkiliy qo‘mita va hamkor tashkilotlar tomonidan o‘z ijodiy ishini tarqatish, ko‘paytirish, nusxa olish, nashr etish va foydalanishiga rozilik beradi. Tashkiliy qo‘mita va hamkor tashkilotlar o‘z nashrlarida ishlarning muallifini ko‘rsatishga majburdirlar.
Tanlov g‘oliblari hamda faol ishtirokchilari «16 sentyabr – Xalqaro ozon qatlamini himoya qilish kuni»da e’lon qilinadi va diplom hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadilar. G‘oliblar hamda ularning ishlari haqidagi ma’lumotlar www.o3.uz, www.uznature.uz saytiga va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
Har bir nominatsiya bo‘yicha 1-o‘ringa televizor, 2-o‘ringa smartfon, 3-o‘ringa smart soat.
Tanlov yuzasidan barcha savollarga javob olish uchun (+998 93) 171-70-17, (+998 90) 594-24-79 telefon raqamlariga yoki @ozonqatlami_bot telegramm-botiga murojaat qilishingiz mumkin.
Tanlovda qatnashing va g‘oliblar safidan o‘rin egallang!
Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati