Press-reliz: 15-16 avgust kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan reyd yakunlari
18.
08. 2020
13:18
6250
Econadzor

Davlat ekologiya qo‘mitasiga, xususan ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan dolzarb muammoli masalalar, xususan noqonuniy daraxt kesilishi, brakonerlikka qarshi kurash, noqonuniy chiqindixonalarning yuzaga kelishi bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlarni vaqtida o‘rganish maqsadida 15-16 avgust kunlari maxsus ishchi guruh Toshkent shahrining 9 ta tumanida (Chilonzor, Uchtepa, Sergeli, Mirobod, Yashnobod, Bektemir, Yunusobod, M.Ulug‘bek va Olmazor) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga doir fuqarolar murojaatlarini o‘rganish maqsadida tezkor nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Tezkor tadbirlar davomida 99 ta qonun buzilishi holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan 74 ta holat bo‘yicha 556,0 mln so‘m ma’muriy choralar (jarima va zararni undirish uchun da’vo summasi) qo‘llanildi.

Shuningdek, 25 ta holatda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli shaxslarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.

Aniqlangan holatlarning 51 tasi (58%) chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash bilan bog‘liq bo‘lib, ular bo‘yicha 15,3 mln so‘m jarimalar qo‘llanildi.

Daraxtlarni muhofaza qilish qonunchiligini buzish holatlari 20 tani (22,7%) tashkil etib, 8 tasi daraxtlarni noqonuniy kesish va 12 tasi ularga agrotexnik ishlov berishda belgilangan normalarni buzish, ularni shikastlash, tag qismini betonlash bilan bog‘liq. Aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan aybdor shaxslarga jami 538,4 mln so‘m (24,5 mln so‘m jarima va 513,8 mln so‘m da’vo) ma’muriy choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, 4 ta holatda suv ob’ektlarini muhofaza qilish, atmosfera havosini ifloslantirish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanib, aybdorlarga nisbatan 2,2 mln so‘m ma’muriy choralar ko‘rildi.

O‘rganilgan huquqbuzarlik holatlari Chilonzor, Yunusobod, Sergeli, Uchtepa va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ko‘p uchramoqda.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 97 ta majburiy ko‘rsatmalar berilib, «Maxsustrans» DUK, tuman obodonlashtirish boshqarmasi, kanallarni boshqarish boshqarmasi texnikalari va hodimlari jalb etildi va 86 tasi (88,6%) joyida bartaraf etildi.

Jumladan, 215 m.kub chiqindilar olib chiqildi, kanal va ariqlarni tozalash bo‘yicha 69 ta tadbirlar amalga oshirildi, joylarda qonunbuzarliklarni oldini olish bo‘yicha 147 ta targ‘ibot-profilaktika ishlari amalga oshirildi.

Reyd tadbirlari davomida Davlat ekologiya qo‘mitasi «Ishonch telefoni»ga kelgan hamda ijtimiy tarmoqlarda chiqqan 130 ta murojaatlar o‘rganilib, tegishli choralar ko‘rildi.

Xususan, fuqaro Anvarov Shohjaxon murojaati joyiga chiqib o‘rganilganda, Yashnobod tumani 58-harbiy shaharcha «Olmos» MFY hududida noqonuniy ravishda 6 tup turli xildagi manzarali daraxtlar kesilganlik holati aniqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirildi. Hozirda daraxtlarning kesilishidan oldingi holati o‘rganilmoqda. Daraxtlar sog‘lom holatda bo‘lganda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 334 mln so‘mni tashkil etadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan M.Ulug‘bek tumanining 207-o‘rta ta’lim muassasasida 1 tup chinor daraxti noqonuniy kesilgan holat o‘rganilganda, holat yuzasidan tuman inspektori tomonidan maktab rahbariyaga nisbatan tegishli chora qo‘llagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, maktab hovlisi ko‘zdan kechirilganda maktab rahbariyati tomonidan turli diametrdagi 9 tup terak daraxtlari noqonuniy kesilib, tabiatga 37 mln so‘m zarar keltirilgani aniqlandi. Bu holat bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Yunusobod tumani, 2 mavze 14b uy yonida qurilish ob’ektida 2 ta shumtol daraxti noqonuniy kesib tashlanganligi aniqlandi. Huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 17,4 mln so‘m zarar va 1,1 mln jarima chorasi qo‘llanildi.

Chilonzor tumani Poygoh ko‘chasidan o‘tgan kollektor va atrofiga kollektor drenajlarga xizmat ko‘rsatish korxonasi uchastka boshlig‘i tomonidan belgilanmagan joyga chiqindilar tashlagani uchun 1,1 mln so‘m miqdorida jarima solindi.

Sergeli tuman «Qipchoq» MFY hududidagi qurilish bo‘layotgan joyda fuqaro Sh.G‘. tomonidan tut daraxti noqonuniy kesganligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 79-moddasiga asosan 1,1 mln so‘m miqdorda jarima va 66 900 so‘m o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar belgilanib undirish chorasi ko‘rilmoqda.

Sergeli tuman Nilufar ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.N. tomonidan dala va aholi yashash joyida xazon barglar va shox-shabbalarni yoqqanligi aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 88-moddasi 3-qismi bilan 1,1 mln so‘m jarima belgilandi va ma’muriy ish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirildi.

Chilonzor tumani Cho‘ponota mahallasi Sirojiddinov nomli akademik litsey binosining orqa tomonidagi oraliq ko‘chada 100 metr masofada noqonuniy chiqindilar (shoh-shabbalar, maishiy va qurilish chiqindilari) to‘plangani aniqlanib, joyida mahalla raisi va TSJ rahbari ishtirokida chiqindilarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Bo‘rijar kanal sanitar muhofaza hududiga chiqindi joylashtirganligi sababli Chilonzor Obodonlashtirish bosh muhandisiga nisbatan MJtKning 72-moddasiga asosan jarima qo‘llanildi.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Useful resources