Buxoro viloyat: To‘rt yillik «staj»ga ega brakonerlar faoliyatiga chek qo‘yildi
21.
08. 2019
18:05
5677
News

«Qizil kitob»ga kiritilgan jayron tabiat injiqliklaridan emas, balki odamzodning xakalak otgan nafsi ta’qibidan qirilib ketayotgani naqadar tashvishli. Sho‘rlik jonivor nafaqat go‘shti, balki qimmatbaho sanalgan shoxlari uchun ham brakonerlarning o‘ljasiga aylanmoqda. Joriy yilning 19 avgust kuni Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining Olot hamda Qorako‘l tumanlari inspektsiyalari tomonidan Olot tumanining «Qirlishon» MFY, O‘rtacho‘l massivida o‘tkazilgan tezkor reyd tadbiri chog‘ida ana shunday nafs bandalari «qo‘lga olindi». Aniqrog‘i, shu kuni «Ural» rusumli mototsiklda «sayr»ga chiqqan ikki fuqaroning hatti-harakatlari xodimlar e’tiborini tortdi.

Bu shaxslar Qashqadaryo viloyatining Muborak va Mirishkor tumanlarida yashovchi S.Xolnazarov hamda I.Ro‘zievlar bo‘lib, ular ko‘ngilxushlik ilinjida ovga otlangan brakonerlar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ekologik surishtiruvi chog‘ida bu fuqarolar oz emas, naq 4 yil davomida kimsasiz cho‘lda brakonerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganliklarini, shu kunga qadar 20 bosh jayron ovlagashgani aniqlandi.

Ular o‘ljasiga aylangan jonivorlardan ikki bosh urg‘ochi jayron bolalashiga oz muddat qolganida ovlangan ekan. Boz ustiga, brakonerlar qo‘llaridagi ov quroli tegishli  hujjatsiz, egasiz, ya’ni noqonuniy bo‘lib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasining «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunida daxlsiz va davlat muhofazasiga olingan hayvonot olami, ularni ovlashning qat’iy belgilangan mavsumi, hatto baliq oviga doir batafsil ma’lumot berilgan. Bu talablarga rioya etmagan yoxud tabiatga, hayvonot olamiga, shu orqali davlat manfaatlariga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik muqarrarligi belgilab qo‘yilgan.

Aniqlangan mazkur holat yuzasidan brakonerlikka qo‘l urgan S.Xolnazarov hamda I.Ro‘zievlarga nisbatan to‘plangan hujjatlar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun viloyat IIB hamda Ma’muriy sud organiga o‘tkaziladi.

Useful resources