Moratoriy davrida ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek daraxatlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani
25.
11. 2020
10:57
4705
Yangiliklar

2020 yil 24 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek daraxatlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishining oldini olish bo‘yicha moratoriy davrida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Narzulla Oblomuradov hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, shuningdek daraxatlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishining oldini olish bo‘yicha moratoriy davrida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» 2019 yil 30 oktyabrdagi PF-5863-son farmon 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrga qadar davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan.

Ma’lumot uchun: Mazkur Farmonda moratoriy tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta’sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

plantatsiyalarda o‘stirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmasligi qayd etilgan.

Moratoriy davrida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 4 018 ta (10 oylik holatiga) murojaat kelib tushgan bo‘lib, mazkur murojaatlarda 188 943 tup davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga ruxsat so‘ralgan.

Jami 134 232 tup (71 foiz) daraxt va butalarning kesilishiga, shundan 65 105 tup sharq chinori, eman, qrim qarag‘ayi, chinorsimon zarang, eldor qarag‘ayi, kashtan, shumtol, turang‘il va boshqa 20 turdan ortiq qimmatbaho daraxt va butalarning kesilishiga rad javobi berilib, ular kesilishining oldi olindi.

Yuqorida bayon etilgan Farmonga muvofiq daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy e’lon qilingandan so‘ng davlat ekologik nazorati tadbirlari davomida:

joriy yil 20 noyabr holatiga ko‘ra, aniqlangan jami qonunbuzarliklar soni 3897 ta, belgilangan jarima – 4 316,1 mln. so‘mni tashkil etib, shundan 2757,4 mln. so‘mi undirildi;

tabiatga yetkazilgan zarar miqdori – 9787,2 mln.so‘mni tashkil etib, shundan, 2942,4 mln.so‘mi undirildi.

Undirilmagan jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida 338 ta holat bo‘yicha (6 913,1 mln. so‘m) to‘plangan hujjatlar tegishli organlarga (sud, prokuratura, MIB, IIB) kiritildi.

17 ta holat bo‘yicha qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Aniqlangan huquqbuzarliklar natijasida jami 2298 m3 buta, 7854 dona daraxt shundan, 3307 dona qimmatli va 4547 dona kam qimmatli daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan.

Huquqbuzarlardan 121 ta aslahalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Huquqbuzarliklarning 167 tasi mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan. Xususan, Sirdaryo tumani hokimining o‘rinbosari 11,7 mln. so‘m hamda Yakkasaroy tumanida «Vuildinig and Supplies» qurilish korxonasi tomonidan 81 tup daraxtlar kesilganligi natijasida 630,4 mln. so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazilgan.

Moratoriy joriy etilishi hududlarda daraxtlar va butalarni muhofaza qilishni mustahkamlashga, ekologik holatni yaxshilanishiga hamda ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq salbiy chiqishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

 

 

Davlat ekologiya qo‘mitasi
Matbuot xizmati

 


 

Foydali manbalar